O‘zbekiston Professional futbol ligasi milliy chempionatimizda faoliyat olib boradigan xorijlik futbolchilar darajasini oshirish, klublarimizda sifatli va chindan mahoratli legionerlar to‘p surishiga erishish maqsadida futbol klublari uchun xorijlik futbolchi va mutaxassisni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha alohida shartlar belgilash arafasida turibdi.
Shu sababli Musobaqalar Reglamentining xorijlik futbolchi hamda mutaxassislarni ro‘yxatdan o‘tkazish qismiga ayrim qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish taklif etilmoqda.
Xususan, xorijlik futbolchi yoki mutaxassis bilan shartnoma tuzish jarayonida futbol klubi quyidagilarni hisobga olishi talab etiladi:
- futbol klubi 2023/24-yilgi mavsum uchun OFK litsenziyasini qo‘lga kiritgan bo‘lishi shart (2023-yilgi mavsumning qishki transfer oynasi hamda legioner futbolchi bilan amaldagi mehnat shartnomasi mavjud bo‘lgan klub bundan mustasno);
- legioner yoki xorijlik mutaxassis bilan shartnoma imzolashdan avval futbol klubi mazkur shartnoma loyihasini O‘FA bilan kelishishi va shundan keyingina uni imzolashi lozim.
Qolaversa, ro‘yxatdan o‘tkazilayotgan legioner futbolchi O‘zPFL tomonidan to‘rt toifaga ajratib olinadi.
Oliy toifa. Quyidagi mezonlarga mos keluvchi legioner futbolchi:
- Yevropa yoki jahon chempionatining final bosqichi doirasida maydonga tushgan futbolchi;
- UEFA koeffitsientlar jadvalida dastlabki yetti o‘rinda borayotgan mamlakatlar oliy divizionining yakuniga yetgan so‘nggi mavsumida yoki davom etayotgan mavsumida kamida 10 ta o‘yinda maydonga tushgan futbolchi.
Birinchi toifa. 2003-yil va undan keyin tug‘ilgan, so‘nggi ikki mavsum davomida o‘z mamlakati terma jamoasining rasmiy musobaqalar doirasidagi o‘yinlarida eng kamida ikki marta maydonga tushgan futbolchi.
Ikkinchi toifa. Quyidagi mezonlarga mos keluvchi legioner futbolchi:
- FIFA reytingida dastlabki 15 pog‘onada borayotgan terma jamoa safida hech bo‘lmaganda 1 ta rasmiy musobaqa doirasidagi o‘yinda maydonga tushgan hamda 31 yoshga to‘lmagan futbolchi;
- o‘z mamlakati milliy terma jamoasining rasmiy musobaqalar doirasidagi o‘yinlarida so‘nggi ikki yil davomida kamida 2 marta maydonga tushgan futbolchi.
Uchinchi toifa. Yuqoridagi me’zonlarga mos kelmaydigan legioner futbolchi.
Bunda, jahon amaliyotida bo‘lgani singari, legioner futbolchi yoki xorijlik mutaxassis xizmatidan foydalanuvchi klub odatdagidek, ularni O‘zPFL ro‘yxatidan o‘tkazish uchun bir martalik pullik to‘lovni amalga oshiradi. Ammo to‘lov qilish endilikda legionerning toifasidan kelib chiqqan holda bajariladi:
- Oliy toifaga kiruvchi legioner uchun to‘lov tasdiqlangan miqdorning teng yarmini tashkil qiladi;
- birinchi toifali legioner uchun to‘lov amalga oshirilmaydi;
- ikkinchi toifaga kiruvchi legioner uchun to‘lov tasdiqlangan miqdorda amalga oshiriladi;
- uchinchi toifaga kiruvchi legioner uchun to‘lov tasdiqlangan miqdordan ikkiga ko‘paytirib amalga oshiriladi;
- Pro liga klubi har qanday legioner uchun bir xilda — tasdiqlangan miqdor ko‘rinishining teng yarmida to‘lov amalga oshiradi.
Futbol klubiga 6 nafargacha legioner futbolchini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ruxsat etiladi. Bunda ulardan biri (yoki hammasi) OFKga a’zo mamlakat fuqarosi bo‘lishi shart (5+1).
Tizimida farm jamoasi mavjud klub mazkur farm jamoa uchun legioner futbolchini ro‘yxatdan o‘tkazishda ham yuqoridagi cheklovdan chiqmasligi kerak.
Bundan tashqari, futbol klubi legioner futbolchini ro‘yxatdan o‘tkazishda quyidagi imtiyozlardan foydalanishi mumkin bo‘ladi:
- agar legioner futbolchi uzluksiz ketma-ket to‘rt mavsumni O‘zbekiston klublarida o‘tkazgan bo‘lsa va 2023-yilgi mavsum tartib bo‘yicha uning ketma-ket beshinchi mavsumi bo‘lsa, mazkur legioner uchun umuman to‘lov amalga oshirilmaydi;
- agar legioner futbolchi bir klub safida ketma-ket ikkinchi mavsum uchun ham ro‘yxatdan o‘tkazilsa, mazkur futbolchi uchun belgilangan to‘lov 50 foizga qisqartiriladi;
- agar legioner futbolchi birinchi toifaga mansub bo‘lsa, klubga uni qayd etilgan cheklov miqdoriga qo‘shimcha ravishda ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ruxsat etiladi.
Maqsad – chempionatimizga tashrif buyuradigan xorijlik futbolchilar darajasini oshirish, klublarning selektsiya ishlarini jadal olib borishiga erishish.