Bilasiz, so‘nggi yillarda O‘zPFL klublar oldidagi infratuzilma bo‘yicha talablarni qat’iylashtirib bormoqda. Natijada aksariyat klublarimiz stadion yoritish tizimini yaxshilab olishdi. Endilikda projektorlar bilan bir qatorda maydonlar sifatini yaxshilash bo‘yicha ham klublarimiz jiddiy ish olib borishlari talab etilyapti.
Shu sabab joriy mavsumda Farg‘onadagi “Istiqlol” stadioni, Toshkentdagi “Jar” o‘yingohi, Buxorodagi “Buxoro” sport majmuasi, shuningdek Urganch shahridagi “Xorazm” sport majmuasi maydoni yangilanib, yana muxlislarni o‘z bag‘rida qabul qila boshladi.
Kelasi mavsumda ham bu borada qat’iy ish olib borish ko‘zda tutilmoqda. Jumladan, ayni paytda poytaxtimizdagi “Bunyodkor” stadionida maydon chimini yangilash ishlari ayni avj pallasida.
Shuningdek, kuni kecha Jizzaxdagi “So‘g‘diyona Markaziy” stadionida ham chimni almashtirish ishlari boshlab yuborildi. Jizzaxdagi o‘yingohning eski chimi olib tashlanib, dastavval drenaj tizimi yangilanmoqda. So‘ngra stadionga yangi chim o‘tqaziladi.