Samvel Babayan: Shunchaki omadimiz kelmadi

“Navbahor” hamda “Nasaf” jamoalari o‘rtasidagi O‘zbekiston Coca-Cola kubogi final uchrashuvidan (1:2) so‘ng matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Uning dastlabki qismida namanganliklar ustozi Samvel Babayan ishtirok etdi.

“Avvalo “Nasaf”ni g‘alaba bilan qutlayman. O‘yin teng kurashlar ostida kechdi. Bugun ulardan hech bir jabhada qolishmadik. Shunchaki, bitta gol kam urdik. Muxlislarga rahmat aytaman, uzoq yo‘lni bosib kelganiga qaramay, oxirigacha bizni qo‘llab-quvvatlab turishdi. Futbolchilarimga ham alohida rahmat. Kubokni Namanganga olib ketish uchun bor kuchlari bilan harakat qilishdi, afsuski uddalay olmadik. Endi, chempionatning qolgan uch o‘yiniga maksimal tayorgarlik ko‘ramiz”.

 

“Birinchi bo‘limda raqibni ularning jarima maydoni atrofida pressing qilishga harakat qildik, ammo markazda biroz muammolar bor edi. Ikkinchi taymda buni to‘g‘irladik va ustunlik qildik”.

 

“Tarkibda jarohat olganlar yetarli edi, shu bois kichik jarohatlari bor Turopov va Yaxshiboyevni ikkinchi taymning so‘nggi daqiqalaridagina maydonga tushirdik. Bizda, zaxiradan maydonga tushib, o‘yinni kuchaytira oladigan boshqa futbolchilar yo‘q”.

 

“Murabbiy ishlaydi va shartnomasi tugaydi. Barqarorlik haqida gapirgan edim. Yil davomida qilgan ishimizni kam emas deb o‘ylayman. “Nasaf”ning ustunligi ham shunda. Barqaror murabbiy va bir necha yillardan beri ishlab kelayotgan murabbiy bor. Agar biz ham sabr qilib olg‘a intilsak, bizda ham barqarorlik bo‘ladi. Kecha aytganimdek, “Navbahor”da uzoq yillar davomida murabbiylar va futbolchilar almashinuvi doim kuzatilgan. Shu bois, barqarorlik yo‘qolgan. Tabiiyki, natija ham bo‘lmagan. Bugun shunchaki, omadimiz kelmadi. Barqarorlik bo‘lsa, hammasi iziga tushadi”

 

“Doniyor Abdummanopovni birinchi taymda o‘yini chiqmadi. Ikkinchi taym oldidan u bilan suhbatlashdim va ikkinchi taymda o‘yinini o‘zgartira oldi. Jismoniy holati unga berilgan yuklamalarni bajarishga imkon bermadi va uning o‘zi almashtirishni so‘radi”

 

“Yana bir bor aytaman, birinchi davrada ham, ikkinchi davradan ham ko‘plab o‘yinchilarni taklif etdik. Murabbiy ham, o‘yinchi ham Namanganda katta bosimni engib o‘tishi kerak. Muxlislar tomonidan bosimni sezmadik. Aksincha, ulardan kuch oldik. Bugun stadionda bizni qo‘llab-quvvatlab turgan muxlislar, raqib muxlislarinikidan kam bo‘lsa ham, ularga rahmat aytaman. Biz uchun uzoq yo‘l bosib kelishdi. Bugun bizning kunimiz emas ekan. Keyingi o‘yinda muxlislarni xursand qilishga harakat qilamiz”, - dedi Babayan.

mib
uzcard
cola
apex
bmb