Ro‘ziqul Berdiyev: “Nasaf” finalda qanday o‘ynashni yaxshi biladi

Bugun Buxoro shahridagi “Sahid Zarafshon” mehmonxonasida “Navbahor” hamda “Nasaf” jamoalari o‘rtasidagi O‘zbekiston Coca-Cola kubogi finali oldidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Uning ikkinchi qismida qarshiliklar ustozi Ro‘ziqul Berdiev hamda jamoa yetakchilari – Umar Eshmurodov va Marko Stanoevich ishtirok etib, jurnalistlarning savollariga javob qaytarishdi.

“Bugun stadionga bordik va maydonning ajoyib holatda ekaniga guvoh bo‘ldik. Ertaga maydonda haqiqiy jang bo‘ladi deb o‘ylayman. Chunki, hozirgi kunda mamlakatning eng kuchli jamolaridan hisoblangan ikki klub finalda to‘qnash keladi”, – deya so‘z boshladi Berdiyev.

Biz bu o‘yinga ancha yaxshi tayyorgarlik ko‘rdik. Bunday muhim o‘yinlarda qatnashish bo‘yicha tajribaga egamiz. Bizning asosiy maqsadimiz ertangi o‘yinda ijobiy natija ko‘rsatib, muxlislarimizni xursand qilish.

Husayn Norchayevning ertangi o‘yinda qatnasha olmasligi – katta yo‘qotish. Bilasiz, Husayn oxirgi o‘yinlarida bizga gollar bilan emas, asosan mehnatlari bilan katta yordam berayotgandi. Afsuski, ertaga Norchayev bizga yordam bera olmaydi. Biz yarim finalda ham yo‘qotish bilan (Oybek Bozorov) o‘ynadik. Shuning uchun o‘z zaxira imkoniyatimizdan yaxshiroq foydalanishga harakat qilamiz. Balki taktik chiziqlarni o‘zgartirishga to‘g‘ri kelar, lekin ertangi uchrashuvga tayyormiz.

Ruhiy tayyorgarlik har doim muhim hisoblanadi. Biz o‘tgan o‘yinni esdan chiqardik, albatta, ikki ochko muhim edi, lekin boshqa vaziyatlardan ham foydalana olmadik. O‘tgan narsani qaytarib bo‘lmaydi, shuning uchun bor e’tiborimizni ertangi uchrashuvga qaratganmiz. Asosiy maqsadimiz kubokda ham, Superligada ham maksimal natija qayd etish. Chunki har ikki frontda ham maqsadimizga juda yaqin turibmiz.

“Navbahor” haqida ortiqcha gapirish shart emas. Klub bu mavsum har yilgidanda kuchli. Bu jamoaning o‘yinlarida ham, boshqa masalalarda ham ko‘rinib turibdi. Raqibdan kelib chiqib aytganda ertangi o‘yin oson bo‘lmasligi aniq. Chunki “Navbahor” himoyalanishni ham, hujum qilishni ham yaxshi biladi. Xuddi shuningdek biz ham ertaga o‘z o‘yinimiz orqali ijobiy natija qayd etmoqchimiz.

Penaltilar seriyasiga ham tayyorgarlik ko‘rganmiz. Marko Stonoevich agar o‘ziga ishonsa, unga penalti tepish imkoniyatini beramiz. Agar ertangi uchrashuv penaltilar seriyasigacha boradigan bo‘lsa, bizda bu ishni bajaradigan o‘yinchilar talaygina.

Menimcha ikki jamoa ham ehtiyotkor o‘ynaydi. Chunki bu erda ikkinchi uchrashuv yo‘q va boshqa imkoniyat bo‘lmaydi. Qancha vaqt o‘ynashimiz haqida hech narsa deya olmayman, lekin ertaga ikki jamoa ham natija uchun harakat qiladi.


Umar Eshmurodov: Ertaga biz uchun mavsumdagi muhim o‘yinlardan biri bo‘ladi. Bor kuchimiz bilan g‘alaba qozonishga intilamiz. Umid qilamanki, muxlislar ertaga bizni yolg‘izlatib qo‘yishmaydi.

Marko Stanoevich: Final – bu bayram. Muxlislarni stadionga chorlab qolamiz, zero futbol muxlislar uchun. Shu bois ertaga g‘alaba orqali ishqibozlarimizni xursand qilishga intilamiz.

Eslatib o‘tamiz, “Navbahor” hamda “Nasaf” jamoalari o‘rtasidagi final uchrashuvi 30-oktyabr kuni “Buxoro” sport majmuasida start oladi.

mib
uzcard
cola
apex
bmb