Samvel Babayan: Final “Navbahor” uchun muhim ahamiyatga ega

Bugun Buxoro shahridagi “Sahid Zarafshon” mehmonxonasida “Navbahor” hamda “Nasaf” jamoalari o‘rtasidagi O‘zbekiston Coca-Cola kubogi finali oldidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Uning dastlabki qismida namanganliklar ustozi Samvel Babayan hamda jamoa yetakchilari – Jamshid Iskanderov va Zoran Marushich ishtirok etib, jurnalistlarning savollariga javob qaytarishdi.

“Buxoro shahrida bo‘lib turganimizdan xursandmiz. Final – bu futbol bayrami. Ertangi final biz uchun juda ham muhim ahamiyat kasb etadi”, – deya so‘z boshladi Babayan.

Samvel Babayan: Ertaga tarkibda qandaydir o‘zgarish bo‘ladimi? O‘zgarish bor. Bilmadim, ammo, aytishim mumkin, mavsum davomida jamoaning o‘zagi bo‘lgan, yil davomida o‘z darajasini ko‘rsatayotgan o‘yinchilar uchrashuvga tayyor.

Namanganda ishlash oson ish emas. Ham murabbiy, ham futbolchi sifatida. “Navbahor”da ishi yurishmagan, ammo, boshqa jamoada ishlab ketgan insonlar bor. Bu erda asab mustahkam bo‘lishi kerak. Buni tushuntirishga harakat qilaman. Klub o‘z an’analariga ega. Ammo, bu an’analar 24 yildan buyon amalga oshmay kelayapti. Biz shuni amalga oshirish harakatidamiz. Balki bizgacha ham kimdir harakat qilgandir va bosim tufayli bunga erisha olmagan bo‘lishi mumkin. Bugun “Navbahor” sharafini himoya qilayotganlar esa, bosimlarga bardosh bera oladigan insonlardir. Ularda xarakter va sifat bor. Asosiysi, muxlislarni xursand qilishni uddalay olyapmiz va bu meni quvontirayapti.

Mavsum davomida biz o‘zimiz yarata olgan vaziyatlardan unumliroq foydalana olganimizda, boshqa vaziyatda turgan bo‘lar edik. O‘zimiz bilan teng saviyali raqiblarni mag‘lub eta oldik. Biroz darajasi pastroq jamoalar bilan esa, ko‘p ochko yo‘qotdik. Buning sababini bilamiz, nima qilish kerakligini ham bilamiz. Bu haqda gapirish hozirda biroz erta. Kayfiyatimiz yaxshi. Oldimizdagi uchta o‘yinda ham maksimum natija ko‘rsatishga harakat qilamiz.

Jamshid Iskanderov: Bugun Buxoro sport majmuasida mashg‘ulot o‘tkazdik. Jamoamiz yaxshi kayfiyatda, o‘yinga tayyormiz. Uchrashuv davomida har narsa bo‘lishi mumkin. Shuni inobatga olgan holda, biz ham penaltilar ustida mashg‘ulotlarda ishladik va bunga tayyormiz, deb ayta olaman.

Zoran Marushich: Biz mavsum avvalidanoq har ikkala musobaqada g‘olib chiqishni maqsad qilgan edik. Shukurki, ayni vaqtda ushbu bosqichga qadar etib kelishga muvaffaq bo‘ldik. Bo‘lajak bahs juda ham qiziq va shiddatli bo‘lishiga hozirdanoq muxlislarga va’da bera olaman. Ushbu bellashuvda g‘alaba qozonib, Namanganga kubok bilan qaytishga harakat qilamiz. 

Chempionat boshidan mendan ko‘plab gollar kutishgan va hozir ham shuni istashlari tabiiy. Ammo, bir narsani unutmaslik kerak, Superliga - bu  har bir bellashuvda maydonga tushib, gol kiritib tashlaydigan darajadagi oson chempionat emas. Mashg‘ulotlarda ham, uchrashuv davomida ham bor kuchim bilan harakat qilaman. Hozirga qadar Superligada 8 ta, kubokda 1 ta gol kiritishga erishdim. Bor e’tiborni oldinda turgan 4 ta o‘yinga qaratib, jamoamga foyda keltirishga maksimal harakat qilaman.

Eslatib o‘tamiz, “Navbahor” hamda “Nasaf” jamoalari o‘rtasidagi final uchrashuvi 30 oktyabr kuni “Buxoro” sport majmuasida start oladi.

mib
uzcard
cola
apex
bmb