Dubay 17-19-oktyabr kunlari Jahon futbol ligalari assotsiatsiyasi tomonidan o‘tkaziladigan “Jahon futbol ligalari forumi-2022” tadbiriga mezbonlik qiladi. Unda ilk marta O‘zPFL vakillari Diyor Imomxo‘jayev hamda Zohirjon Akramxonov ishtirok etadi.
Jahon futbol ligalari assotsiatsiyasiga 2015-yilda asos solingan bo‘lib, uning bosh qarorgohi Shveytsariyaning Syurix shahrida joylashgan. Ayni vaqtda unga 44 mamlakat futbol ligalari a’zo hisoblanadi. O‘zPFL hamda assotsiatsiya o‘rtasidagi aloqalar shu yilning iyul oyidan boshlangandi. O‘tgan vaqt davomida tashkilot O‘zPFL bilan bog‘liq musobaqalar, hujjatlar va boshqa materiallarni o‘rganib chiqdi. Shundan keyin assotsiatsiya bosh kotibi Jerom Perlemuter O‘zPFL bosh direktori Diyor Imomxo‘jayev bilan sentyabr oyida aloqaga chiqdi va suhbatda ligamizni 45-a’zo sifatida qabul qilishga tayyor ekanligini ma’lum qildi. Shundan kelib chiqib, ayni vaqtda O‘zPFL mazkur forumda kuzatuvchi maqomida ishtirok etmoqda.
Mazkur tashkilot boshqaruv kengashi raisi Meksika futbol ligasi rahbari Enrike Bonilla hisoblanadi. Uning o‘rinbosarlari sifatida Angliya Premyer-ligasi rahbari Richard Masters hamda MLS rahbari Don Garber faoliyat olib boradi. Ayni vaqtda Yevropaning kuchli beshlik milliy chempionatlari hisoblangan Angliya, Ispaniya, Italiya, Germaniya va Fransiya ligalarining barchasi Jahon futbol ligalari assotsiatsiyasi a’zolari hisoblanadi. Shuningdek, Yevropaning Turkiya, Shotlandiya, Belgiya, Portugaliya, Serbiya, Daniya, Ruminiya, Shvetsiya, Latviya, Polsha, Ukraina, Isroil, Gretsiya kabi mamlakatlari ham unga a’zodir.
Osiyo qit’asidan shu kunga qadar Avstraliya, BAA, Yaponiya, Qatar, Saudiya Arabistoni, Malayziya, Janubiy Koreya va Tailand mamlakatlarining futbol ligalari Jahon futbol ligalari assotsiatsiyasi bilan hamkorlik qiladi.