“Shahrixonchi” futbol jamoasining joriy mavsum Birinchi liga doirasidagi uy uchrashuvlarini Shahrixondagi “Markaziy” stadionda qabul qilishiga shartli ravishda ruxsat berilgan edi.
Dastlab fevral oyida O‘zPFL vakillari Shahrixonda bo‘lib, stadionni to‘liq ko‘zdan kechirgan va mavjud kamchiliklar xususida ilk xulosalar jamoaga taqdim qilingan edi. Iyul oyida O‘zPFL o‘z mutaxassislarini Shahrixonga qayta yubordi va stadiondagi hal etilmayotgan masalalar o‘rganildi. Stadion maydoni yaxshi parvarish qilinmasligi oqibatida uning holati qoniqarli emas, maysa maydonni to‘liq qoplamagan, kiyim almashtirish xonalarida sovutish tizimi mavjud emas, hakamlarning kiyim almashtirishi uchun matbuot xodimining xonasi ajratilgan va unda yuvinishi uchun sharoit yo‘qligi kabi va boshqa masalalar qayd etilgan.
Shundan keyin 4-avgust sanasida O‘zPFL qilingan ishlar bilan tanishish maqsadida yana bir bor mutaxassislarini Shahrixonga jo‘natdi. O‘rganishlar natijasida mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha aytarli ish amalga oshirilmagani ma’lum bo‘ldi.
Komissiyaning ketma-ket uch tashrifidan keyin ham talablar bajarilmaganidan kelib chiqib, endilikda O‘zPFL “Shahrixonchi” jamoasining uy uchrashuvlarini Shahrixondagi stadionda tashkil qilmaydi. Jamoadan Reglamentdan kelib chiqib, yangi uchrashuvga 15 kun vaqt qolguniga qadar O‘zPFL ro‘yxatida mavjud stadionlardan biri mezbonlik uchun taqdim etish talab qilinadi. Aks holda vaziyatdan kelib chiqib uchrashuv raqib jamoa maydoniga ko‘chiriladi yoki jamoaga texnik mag‘lubiyat yoziladi. Bunday mag‘lubiyatlar soni 2 taga yetsa, jamoa musobaqadan chetlashtiriladi.