O‘zbekiston Professional futbol ligasi ishchi guruhi iyun oyi so‘ngida Tojikiston poytaxti Dushanbeda bo‘ldi. Safar davomida Tojikiston Professional futbol ligasi rahbariyati bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Tojikiston PFL bosh direktori Sayvali Shoqurbonov, Liganing Musobaqalar o‘tkazish bo‘limi boshlig‘i Bobojon Qalandarov, Klublarni litsenziyalash bo‘yicha menejer Sipehr Homidov ishtirok etdi. Odatda xalqaro munosabatlar futbol assotsiatsiyalari orqali tartibga solinadi. Ammo bir-biriga qardosh bo‘lgan ikki mamlakat futbol ligalari bevosita hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishi, futbolni rivojlantirish yo‘lida o‘zaro hamkorlik qilishi faqat va faqat foydali bo‘ladi. Shundan kelib chiqib, endilikda ikki PFL har qanday masalada vositachilarsiz fikr almashish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Uchrashuv davomida O‘zPFL Liga kubogi musobaqasi masalasini ilgari surdi. Ma’lumki, 2023-yilning 16-iyun sanasida Osiyo kubogi musobaqasi bo‘lib o‘tadi. Unda O‘zbekistondan tashqari Tojikiston va Qirg‘iziston milliy terma jamoalari ham ishtirok etadi. Reglamentga ko‘ra, A toifadagi terma jamoalarning qit’a chempionatiga puxta hozirlik ko‘rishi uchun har qanday klub o‘z futbolchilarini terma ixtiyoriga 14 kun avval yuborishi shart. Shundan kelib chiqilsa, 2023-yilning iyun oyida Coca-cola Superliga uchrashuvlarini o‘tkazish imkoniyati bo‘lmaydi. Aniqroq qilib aytganda, mana shu davr davomida milliy termaga uch va undan ko‘proq futbolchisini bergan klublarda uchrashuvlarni o‘tkazish bilan bog‘liq muammo yuzaga chiqadi. Tabiiyki, bunda ularning raqiblari ham o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmaydi.
Shundan kelib chiqib, kelasi yilning iyun oyida Liga kubogi musobaqasini hamkorlikda tashkil qilishdan manfaatdormiz. Musobaqa futbol klublari uchun qanchalik foydali bo‘lishi haqida bir necha misollar keltirib o‘tilgan. O‘z navbatida Tojikiston PFL ham mazkur g‘oyani qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligini ma’lum qildi. Mamlakat chempionatining asosiy jamoalarida Liga kubogi orqali sekin-asta xalqaro uchrashuvlar ko‘nikmasini shakllanib boradi. Qolaversa, milliy terma jamoaga asosiy futbolchilarini yuborgan jamoalarda mazkur futbolchilarning o‘rinbosarlarini rasmiy uchrashuvlar orqali sinovdan o‘tkazib olish uchun yaxshi imkoniyat yuzaga keladi.
O‘zPFL do‘stona ruhda o‘tgan uchrashuvni kelajak yo‘lida qo‘yilgan asosiy qadamlardan biri deb biladi va bu borada Tojikiston PFL rahbariyati hamda uchrashuvni tashkil etishga yordam bergan Tojikiston futbol federatsiyasiga minnatdorchilik bildiradi.
Endilikda O‘zPFL Qirg‘iziston poytaxti Bishkek hamda Qozog‘iston poytaxti Nur-Sultonda bo‘lib, mazkur mamlakatlar ligalari bilan o‘zaro hamkorlik masalasida fikr almashishni rejalashtirgan. Ishonamizki, biz bu qardosh mamlakatlar bilan futbolni yangi bosqichga olib chiqishda birlasha olamiz.