O‘zPFL futbol klublaridagi qarzdorliklar masalasini o‘rganishni boshladi

4-iyul kuni O‘zbekistonda yozgi transfer oynasi rasman ochiladi va u 30-iyulga qadar davom etadi. O‘zPFL Ijroiya qo‘mitasi bunda qarzdor futbol klublarining harakatlarini cheklash borasida qaror qabul qilgani avvalroq ma’lum qilingandi.

Ayni vaqtga kelib O‘zPFL futbol klublarining futbolchilar, murabbiylar va boshqa klublar oldidagi qarzdorligi masalasini o‘rganishni boshladi. Ma’lumotlar asosida ayrim klublarning transfer oynasidagi harakatlari cheklanadi va bu borada O‘zPFL jamoatchilikka tushuntirish taqdim etadi. 

Shundan kelib chiqib, O‘zPFL barcha futbol klublarini futbolchilar (ayniqsa ayol futbolchilar hamda futzalchilar), murabbiylar oldidagi, shuningdek, boshqa klublardan qolib kelayotgan qarzlarini tezroq bartaraf qilishga chaqiradi. Qo‘shimchasiga, biz barcha futbolchilarni mavsum o‘rtasida yangi shartnoma imzolash oldidan shoshilmaslikka chaqiramiz. O‘zPFL hamda Futbolchilar uyushmasi hamkorlikda har qanday futbolchiga yangi klubi haqida ma’lumot taqdim etishga tayyor ekanligini bildiramiz. Ayni holatda futbolchilar qarzdorligi katta klub bilan yangi shartnoma imzolasa va yangi klub belgilangan muddatga qadar mazkur qarzlarni to‘lashga ulgurmasa, O‘zPFL mazkur futbolchiga musobaqada ishtirok etish uchun litsenziya taqdim etish mas’uliyatini olmaydi. Qo‘shimchasiga, qarzdorligi mavjud bo‘la turib yangi futbolchi bilan shartnoma imzolagan hamda uning karyerasiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan futbol klubiga nisbatan O‘FAning tegishli qo‘mitasi orqali ish ochiladi. 

Biz bunday keskin choralar orqali futbolchilar, murabbiylar va klublar haq-huquqini tiklash, klublarning to‘g‘ri yo‘nalishda faoliyat olib borishiga erishishni maqsad qilganmiz. Katta qarzi mavjud futbol klublari U21, U19 jamoalariga jiddiy e’tibor qaratish, seleksiya ishlarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish orqali ham muvaffaqiyatga erishishlari mumkinligini eslatib o‘tamiz.

mib
uzcard
cola
apex
bmb