Bugun — 13-iyun sanasida O‘zPFL Ijroiya qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Qo‘mita a’zolaridan Olimxon Ahmedov, To‘labek Akramov, Bahodir Mirzayev, Maqsud Karimov, Oybek Ibrohimxonov hamda Diyor Imomxo‘jayev yig‘ilishda bevosita ishtirok etdi. Alisher Yusupov, Aziza Tatlimuratova hamda Odil Ahmedov safarda ekanligidan kelib chiqib, Zoom platformasi yordamida qatnashdi.
Shu yilning sentyabr oyida Xitoy Osiyo o‘yinlariga mezbonlik qilishi va katta ehtimol bilan uning futbol turnirida Temur Kapadze boshqaruvidagi olimpiyachilar ishtirok etishi kerak edi. Biroq pandemiya sababli mazkur musobaqa qoldirildi. O‘z-o‘zidan taqvimda ba’zi o‘zgarishlarni amalga oshirish zaruriyati vujudga keldi.
Xabaringiz bor, shu yilning 21-noyabr kuni Qatarda har to‘rt yillikning eng yirik futbol musobaqasi — jahon chempionati start oladi. Garchi unda O‘zbekiston milliy terma jamoasi ishtirok etmayotgan bo‘lsa-da, millionlab o‘zbekistonlik ishqibozlar mundialni tomosha qiladi. Shundan kelib chiqib, O‘zPFL mavsumni 21-noyabrga qadar yakunlash taklifi bilan chiqdi va buni bir necha faktorlar bilan asosladi. Yakunda Ijroqo‘m mazkur qarorni bir ovozdan tasdiqladi.
Shundan kelib chiqib, Coca-cola Superliga II davrasi 1-avgustda, Pro liganing tanaffusdan keyingi 14-turi esa 5-avgustda start oladigan bo‘ldi. O‘zbekiston Coca-cola kubogining final o‘yini 30-oktyabr kuni Buxoroda tashkil etiladi. Bunda ehtimoliy ob-havo hamda finalni tomosha qilish uchun tashrif buyuradigan sayohatchilar masalasi ham inobatga olindi. Pro liganing so‘nggi tur o‘yini 13-noyabr kuni bo‘lib o‘tadi, Superliga esa 19-noyabr kungi bellashuvlar bilan mavsumni yakunlaydi. Har ikki liga o‘rtasidagi o‘tish o‘yini 26-noyabr kuni tashkil etiladi.
Mavsumning umumiy taqvimini mana shu havola orqali tomosha qilish mumkin. Ayollar chempionatining tanaffusdan keyingi davomi ayollar termasining yaponiyalik bosh murabbiyi bilan suhbatdan keyin shakllantiriladi. Shundan kelib chiqib Birinchi liga va U19 chempionati taqvimi tuziladi.
2023-yilgi mavsum starti hamda yakuni bo‘yicha rejalar, Liga kubogining 2022-yildan 2023-yilga qoldirilishi (Osiyo o‘yinlarining bekor bo‘lishidan kelib chiqib), transfer oynalari sanalari bo‘yicha kelishuvlar haqida tez orada alohida xabar beriladi.