O‘zbekiston Professional futbol ligasi Ijroiya qo‘mitasi a’zolarining navbatdagi yig‘ilishi bugun — 13-iyun kuni bo‘lib o‘tadi. Mazkur yig‘ilish Ijroqo‘m a’zolari to‘rt yilga saylanganidan keyingi ikkinchisi hisoblanadi.
Sizga yaxshi ma’lumki, OFK qator masalalarda islohotlarni amalga oshirmoqda. Jumladan, Chempionlar ligasi musobaqasida de fakto kuz-qish mavsumiga o‘tib bo‘lindi. Qolaversa, 2023-yilgi Osiyo kubogi mezbonini o‘zgartirish masalasi kun tartibida turibdi. Qit’a chempionatining kelasi yil yozda tashkil etilishi va unga O‘zbekiston milliy terma jamoasining tayyorgarlik dasturi (milliy termaning unda ishtirok etishi masalasi Tailandga qarshi o‘tadigan ertangi uchrashuvda hal bo‘ladi), “Nasaf” futbol klubi Chempionlar ligasida muvaffaqiyatli ishtirok etayotgani hamda jamoaning 2023-yil fevral oyidagi muhim o‘yinlarga tayyorgarlik dasturi O‘zPFL tomonidan tuzib chiqiladigan taqvim masalasida ayrim o‘zgarishlarga qo‘l urish zaruriyatini vujudga keltiradi. Shundan kelib chiqib, bugun birinchi galda shu masala ko‘rib chiqiladi.
Shuningdek, O‘zPFL transfer oynasi sanalarini o‘zgarmas qilib belgilash masalasida Ijroqo‘m a’zolari bilan fikr almashishni maqsad qilgan. Kun tartibidan, shuningdek, 2023-yilgi mavsumda Liga kubogini qay tartibda o‘tkazish, ayollar futbolini rivojlantirishning navbatdagi bosqichi sifatida 2023-yilgi mavsumdan boshlab ayollar jamoalarining ham bosh stadionlarda to‘p surishi, futbolchi va ishchi-xodimlar oldida qarzdorliklari mavjud bo‘lgan klublarga nisbatan tegishli choralar ko‘rish kabi masalalar joy olgan.
Ijroqo‘mda ko‘tarilgan masalalar haqida tushdan keyin batafsil ma’lumot beriladi.