O‘zbekiston Professional futbol ligasi “Xorazm” futbol klubi so‘roviga ko‘ra Urganchdagi “Olimpiya” stadionidagi holat bilan tanishdi. Sizga ma’lumki, “Xorazm” bir necha yildan buyon uy uchrashuvlarini sun’iy maydonda qabul qilib kelayotgandi. Ayni vaqtda viloyatning bosh jamoasi ishtirokidagi rasmiy uchrashuvlarni asosiy arenaga ko‘chirish masalasi kun tartibida turibdi.
“Olimpiya” stadioni 2018-2019-yillar davomida rekonstruktsiya qilindi va bugunga kelib u katta futbol uchrashuvlarini qabul qilishga deyarli tayyor. Bu yo‘lda quyidagi ishlar amalga oshirilishi kerak bo‘ladi.
1. Hakamlar xonasida Reglament asosida katta oyna, yumshoq mebel, futbol maydoni maketi hamda muzlatgich bo‘lishi talab etiladi.
2. Uchrashuv komissari xonasi kompyuter, printer, televizor hamda internet bilan jihozlanishi lozim.
3. Jamoalarning kiyim almashtirish xonasiga konditsioner, meditsina kushetkasi, futbol maydoni maketi hamda oyna qo‘yilishi zarur.
4. Meditsina xonasi birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish uchun zarur vositalar bilan jihozlanishi shart.
5. Futbolchilar hamda uchrashuv rasmiylarining texnik zona orqali stadionga chiqish hududi xavfsizlik nuqtai nazaridan yopiq holatda himoyalangan bo‘lishi kerak.
6. Texnik zonadagi zaxira o‘rindiqlarini talab etilgan ko‘rinishga keltirish lozim.
7. Zaxira hakami hamda tibbiyot xodimlarining texnik zonadagi faoliyati uchun zarur anjomlar olib kelinishi kerak.
8. Tegishli reglament asosida maydon perimetri reklama shitlari bilan bezatilishi lozim.
9. Muxlislarning stadionga kirish va tribunaga chiqish maydoni xavfsizlik nuqtai nazaridan texnik zonadan ajratilishi shart. Bu borada O‘zPFL klubga ikki xil variantga taklif qildi.
Yuqoridagi talablar bajarilsa, muxlislar, futbolchilar, rasmiylar uchun yaxshi sharoitlar yaratilgan, umuman olganda stadionda katta hajmdagi ish amalga oshirilgan. Shunga qaramay, maydon, maydonni sug‘orish va yoritish tizimlarida ayrim muammolar mavjud.
Futbol maydoni masalasida xavotir bor. Mutaxassislar maydonning turli qismlarini kesib o‘rganib chiqdi. Bu borada tegishli choralar ko‘rilmasa, maydon bir mavsumdan keyin zararlanishi katta ehtimol. O‘zPFL bu borada boshqa bir mutaxassislar guruhini ham Urganchga olib boradi va albatta ularning ham fikrini tinglaydi (Qarshi, Yaypan, Namangandagi stadionlarda ishlagan mutaxassislar). Ayni holatda esa maydon parvarishi uchun stadionga maxsus texnika juda zarur. Biz bu borada barcha klublarga tushuntirish ishlarini olib bormoqdamiz. Maxsus texnikasiz maydonni yaxshi holatda ushlab turish imkonsiz.
Shuningdek, maydonni sug‘orish tizimida ham kamchiliklar mavjud. O‘rnatilgan sprinklerlar maydonni talab etilgan hajmda qamrab ololmayapti. Maydon yaxshi holatda bo‘lishi uchun avtomatik sug‘orish tizimida ba’zi o‘zgarishlarni amalga oshirish lozim. Bu borada ham boshqa mutaxassislar fikri tinglanadi.
Projektorlar masalasida o‘rganish ishlari kechki 21:00 dan keyin olib borildi. Aniqlanishicha, maydon 980 lyuks yorug‘lik nuri bilan yorishmoqda. Gorizontal holatda bu ko‘rsatkich 1200 lyuksni tashkil qiladi. Projektorlarda sozlash ishlari qayta amalga oshirilsa, biz Pro liga uchrashuvlarini shom vaqtidan keyin o‘tkazishimiz mumkin. “Xorazm” jamoasi Superliga va xalqaro maydonga yaqinlashgani sayin yorug‘likni bosqichma-bosqich ko‘tarib borishi kerak bo‘ladi.
Stadion bo‘yicha xulosalar mezbonlarga taqdim etilgan. Shu tempda ishlar davom etib, talab etilgan masalalar qayta ko‘rib chiqilsa, katta ehtimol bilan avgust oyidan boshlab xorazmlik futbol muxlislari ham ajoyib maydonda futbol uchrashuvlarini tomosha qilishlari mumkin bo‘ladi.