Pro liganing yana bir stadioni shom vaqtidan keyin ham o‘yinlarni qabul qilishga tayyor bo‘ldi. Bungacha “Turon” va “Buxoro” klublari projektorlar bo‘yicha talabni to‘liq bajargan bo‘lsa, endilikda G‘uzorning “Sho‘rtan” klubi bosqichma-bosqich shu yo‘lda ishlayapti.
O‘zPFL komissiyasi 2021-yilning 4-mart kuni G‘uzordagi stadion projektorlari luksini tekshiruvdan o‘tkazgan bo‘lib, o‘sha vaqtda yoritish 400 luksni tashkil qilayotganini bayonlashtirgandi. Shundan kelib chiqib, 2022-yilgi mavsum uchun smeta tasdiqlanayotgan vaqtda “Sho‘rtan” futbol klubiga stadion projektorini yaxshilash bo‘yicha talab qo‘yildi.
O‘tgan vaqt davomida klub rahbariyati mazkur talab ustida ishladi. Kecha — 9-iyun kuni O‘zPFL komissiyasi projektorlar lukslari bo‘yicha navbatdagi o‘rganishni amalga oshirdi. Ma’lum bo‘ldiki, endilikda stadion yoritish tizimi 1274 luksni tashkil etmoqda. Mazkur raqam yanada o‘sishi va yorug‘likning yoyilishi optimallashishi uchun projektorlarning nur yetkazib beruvchi machtalari qayta sozlanishi kerak bo‘ladi. Shundan keyin O‘zPFL navbatdagi o‘rganishni amalga oshiradi.
Hozirgi holatda “Sho‘rtan” stadionidagi yoritish tizimi Coca-cola Superliganing Olmaliq yoki Bekoboddagi stadionlaridan yaxshiroq bo‘lib turibdi (ayni vaqtda mazkur ikki shahar stadionlarida ham yoritishni 2000 luksga qadar ko‘tarish ustida ish ketyapti). O‘z navbatida “Sho‘rtan” ham Superligaga qaytgunicha 2000 luks chegarasiga qadar chiqish rejalarini ishlab chiqishi kerak bo‘ladi.