Birinchi ligada 2021-yilgi mavsumdan beri ishtirok etib kelayotgan “Lochin” jamoasi faoliyatini davom ettira olmasligini e’lon qildi. 2021-yilda jamoa 12 ta ishtirokchi orasida 8-o‘rinni egallagandi.
Musobaqaning 7-turidan o‘rin olgan “Andijon II” jamoasiga qarshi o‘yin uchun “Lochin” maydon topa olmagan va unga texnik mag‘lubiyat yozilgandi. Shuningdek, “Lochin” 9-turdan joy olgan “Qizilqum-farm” bilan uchrashuvda ham ishtirok etmadi. Oqibatda Reglament asosida Birinchi ligadan chetlashtirildi.
Qayd etish kerak, “Lochin” 2021-yilgi mavsumda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport unirvesiteti jamoasi sifatida Chirchiqdagi oliygoh o‘yingohidan foydalanib keldi. Mavsum yakunida qator talablarni bajara olmaganidan kelib chiqib, “Lochin” “Jomboy” bilan bir qatorda birinchilikdan chetlashtirilishi kerak edi. Biroq O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi hamda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport unirvesiteti kafolati asosida jamoa saqlab qolindi. Afsuski, ichki muammolar sabab “Lochin” musobaqani baribir davom ettira olmaydigan bo‘ldi. Avvalroq “Neftgazmontaj” jamoasi ham birinchilikda ishtirok eta olmasligini ma’lum qilgandi.
Reglament asosida “Lochin” qayd etgan barcha natijalar 0 ga tenglashtiriladi. Endilikda Pro liga yo‘llanmasi uchun kurashni 14 ta jamoa davom ettiradi.