
O‘zbekiston Professional futbol ligasi Students Cup-2022 musobaqasining Toshkent shahri va Toshkent viloyati bosqichlarini, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining hududiy tuzilmalari esa qolgan mintaqalardagi musobaqalarni to‘liq yakunladi. Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirligi hamda Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan musobaqaning respublika bosqichida avvaldan aytib o‘tilganidek 16 ta jamoa ishtirok etadi.
Bugun — 23-may kuni respublika bosqichining 1/8 final o‘yinlariga qur’a tashlab beriladi. Jarayon 18:30 dan boshlab onlayn efirga olib chiqiladi. Qur’a davomida jamoalar hech qanday savatlarga ajratilmaydi. Bunda barcha jamoa o‘zaro raqib bo‘lishi mumkin. Avvalroq respublika bosqichiga yo‘l olgan oliygohlar ro‘yxati keltirib o‘tilgandi.
Musobaqa nizomiga asosan jamoalar 5 nafargacha futbolchini almashtirish va qayta ro‘yxatdan o‘tkazish imkoniyatiga ega. Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirligi barcha jamoalarni 25-may kuni Toshkentga taklif qilgan. Shu kuni barcha futbolchilar O‘zPFL tomonidan suratga tushiriladi hamda ularga musobaqada ishtirok etish uchun litsenziyalar taqdim etiladi. 25-may kuni oqshomdan boshlab esa o‘yinlar start oladi. Final bellashuvi 28-may kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan.