Toshkentning “Neftgazmontaj” futbol jamoasi Birinchi ligadagi faoliyatini to‘xtatdi. Klub bu haqda 18 may kuni rasman murojaat qildi.
Bunga sabab sifatida moliyaviy muammolar ko‘rsatildi. Jamoaning safar uchrashuvlari hamda o‘yinlarni tashkil etish bilan bog‘liq harajatlarga mablag‘ mavjud emas.
“Neftgazmontaj” birinchilikning 6-turidan o‘rin olgan “Andijon II” jamoasiga qarshi safar o‘yinida qatnasha olmagan va texnik mag‘lubiyatga loyiq ko‘rilgandi. Jamoaning joriy mavsumdagi natijalari bilan quyidagi havola yordamida, o‘tgan mavsumdagi natijalari bilan esa mana bu erda tanishib olish imkoniyati mavjud.
Ma’lumot uchun, “Neftgazmontaj” futbol jamoasi Neftgazmontaj MChJ tarkibidagi tuzilma sifatida 2021 yilgi mavsumda O‘zPFL ro‘yxatidan o‘tkazilgandi. Ustavimizdan kelib chiqib, qatnashchi Birinchi liga musobaqasidan chetlashtirilsa, u shuningdek liga qatnashchilari safidan ham chiqariladi.
“2022 yilgi mavsumda O‘zbekiston Professional futbol ligasi tomonidan o‘tkaziladigan musobaqalar reglamenti”ning 6.9-bandi asosida “Neftgazmontaj” jamoasining joriy mavsumdagi barcha natijalari bekor qilinadi va turnir jadvali shu asosda qayta shakllantiriladi. Jamoa futbolchilari boshqa jamoalar bilan shartnoma imzolasa, mazkur shartnomalar O‘zPFL ro‘yxatidan transfer oynasiga qadar ham o‘tkazib beriladi. Biroq futbolchilar litsenziyasi transfer oynasi ochiladigan 4 iyul sanasidan boshlab beriladi.