21-may kuni futzal bo‘yicha O‘zbekiston chempionati yakuniga etadi. So‘nggi tur hamda taqdirlash marosimiga poytaxt Toshkent mezbonlik qiladi. Shuningdek, 22-may kuni Toshkentda Birinchi liganing ham oxirgi tur o‘yinlari o‘tkaziladi.
Reglamentga ko‘ra, Birinchi liga peshqadami kelasi mavsumni Oliy ligada o‘tkazadi. Shuningdek, Oliy liganing 11-pog‘onasini band qilgan jamoa hamda birinchilikning ikkinchi jamoasi o‘rtasida o‘tish uchrashuvlari o‘tkaziladi. Rejaga ko‘ra, pley-off biror jamoaning g‘alabalari soni 2 taga etguniga qadar davom etadi. Shundan kelib chiqib aytish kerak, pley-offda vaziyatdan kelib chiqib ikki yoki uch uchrashuv tashkil etiladi.
Ayni vaqtda Samarqandning “Dinamo” jamoasi so‘nggi tur natijasiga qaramay chempionatning 11-o‘rnini o‘ziniki qilib bo‘lgan. Qayd etish kerak, “Dinamo” Oliy ligaga yo‘l olganiga endigina bir mavsum bo‘lgan. O‘tgan mavsum pley-off o‘yinida samarqandlik futzalchilar Buxoroning “Oil-Star” jamoasini taslim etishga muvaffaq bo‘lgandi.
“Stroitel-Zarafshon” jamoasi esa elita bilan xayrlashgan. Birinchi ligada Oliy liga yo‘llanmasiga kim ega chiqishi 22-may kuni aniq bo‘ladi. Ayni damda BMB va “Oil-Star” jamoalari o‘rtasida jiddiy raqobat kechmoqda.
O‘zPFL pley-off uchrashuvlarini Jizzaxda tashkil qiladi. Bellashuvlar 26-28-may kunlari bo‘lib o‘tadi.