“Aral samali” jamoasiga U-19 chempionatida so‘nggi imkoniyat berildi

2021-yilgi mavsumda “Aral samali”ni Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi moliyalashtirdi hamda jamoa Pro liga ishtirokchisiga aylandi. 2022-yilga kelib esa Vazirlar Kengashi Qoraqalpog‘iston futbol assotsiatsiyasi qoshida yangi “Aral” jamoasiga asos soldi.

O‘zbekiston Professional futbol ligasi “Aral samali”dagi mavjud qarzdorlikni bartaraf etish shartida “Aral” futbol jamoasining Birinchi ligadagi ishtirokini ta’minladi. Vazirlar Kengashi tomonidan mazkur talab bajarildi.  

Biroq “Aral samali” moliyaviy tomonlama arosatda qoldi. O‘zbekistonda transfer oynasi yopilishiga sanoqli kunlar qolgan bir vaqtda jamoani moliyalashtirish istagida bo‘lgan tadbirkor topildi hamda unda ta’sischilar o‘zgardi. 

Ayni vaqtda “Aral samali” Pro ligadagi ishtirokini davom ettirib kelmoqda. Reglamentga ko‘ra, klubning U-19 jamoasi ham chempionatda ishtirok etishi lozim. Ammo moliyaviy imkoniyat chegaralanganidan kelib chiqib, “Aral samali U-19” dastlabki ikki turda ishtirok eta olmadi. 

O‘zPFL shu yilning 4 aprel kuni vaziyat yuzasidan Vazirlar Kengashiga xat yo‘llab, hududiy akademiya tarbiyalanuvchilarining U-19 chempionatida ishtirok etishi masalasida taklif berdi. Vazirlar Kengashi og‘zaki kelishuv bo‘yicha bunga rozilik bildirgan bo‘lsa-da, keyinroq xat bilan taklifga rad javobini berdi. 

Reglamentga ko‘ra, U-19 chempionatida o‘z jamoasi bilan ishtirok etmagan klub kelasi mavsumni bitta quyi ligada o‘tkazishi shart. O‘zPFL “Aral samali” endigina xususiy tadbirkorlar tomonidan moliyalashtirayotganidan kelib chiqib, jamoaga so‘nggi imkoniyatni taqdim etdi. Shuningdek, moliyaviy tarafdan ko‘mak bo‘lishi uchun “Aral samali” ishtirokidagi safar o‘yinlari taqvimida istisno tariqasida engillik berilishi qayd etildi. Boisi, “Aral samali” investorlari jamoani ancha kech qabul qilib olgan va ularda puxta smeta tayyorlash uchun fursat etarli bo‘lmagandi.

Shu tariqa “Aral samali” U-19 chempionatining dastlabki uch turida ishtirok eta olmadi. Ayni vaqtda jamoa rahbariyati U-19 jamoasi futbolchilarini O‘zPFL ro‘yxatidan o‘tkazishga harakat qilyapti. Holat yuzasidan keyinroq yana ma’lumot taqdim etiladi. Agar vaziyat 4-turga qadar o‘zgarmasa, “Aral samali” kelasi mavsumni Birinchi ligada o‘tkazadi.

mib
uzcard
cola
apex
bmb