Navoiyning “Qizilqum” klubida bosh direktor sifatida ishlab kelayotgan Hamidjon Aktamov shu yilning 18-mart kuni o‘z arizasiga ko‘ra ishdan ketgan. Bu haqda klub oradan 18 kun o‘tib — 5-aprel kuni ma’lumot berdi.
“2022-yilgi mavsumda O‘zbekiston Professional futbol ligasi tomonidan o‘tkaziladigan musobaqalar reglamenti”ning 8.4-bandida klub o‘z rasmiysi bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilsa, O‘zPFL uch kun ichida bu haqda yozma ravishda ogohlantirilishi hamda ozod etilgan shaxs litsenziyasi O‘zPFLga topshirilishi lozim ekani ko‘rsatilgan. Shuningdek, “Litsenziyalash reglamenti”ning P.14 mezoni 3-bandida shunday yozilgan: “Litsenziya talabgori lavozimning bo‘shab qolganligi va ushbu lavozimda yangi mutaxassis ish boshlagani to‘g‘risida ko‘pi bilan yetti (7) ish kuni ichida O‘zPFLni xabardor qilishi zarur”.
Shunga qaramay, “Qizilqum” na o‘z rasmiy sahifalarida va na xat orqali bu haqda rasmiy ma’lumot taqdim etdi. Shundan kelib chiqib, “Qizilqum” futbol klubi jarimaga tortiladi. Biz qolgan klublarni ham jamoatchilik uchun ochiq bo‘lishga hamda o‘z muxlislarini klubga tegishli ma’lumotlardan vaqtida xabardor qilishga chaqiramiz.
Ma’lumot uchun, “Qizilqum” futbol klubi O‘zPFLga taqdim etgan xatida Hamidjon Aktamovning sport ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Alisher Xoliqov direktor vazifasini bajarayotganini qayd etgan.