
Bugun poytaxtimizning “Chig‘atoy” va “Bunyodkor” akademiyasi maydonlarida O‘zbekiston kubogining saralash o‘yinlari start oladi. Bir o‘yindan iborat saralash uchrashuvlarida ettita juftlik o‘zaro kurash olib boradi, Surxondaryoning “Denov” jamosi esa qur’aga ko‘ra to‘g‘ridan-to‘g‘ri nikkinchi bosqichga yo‘l olgan.
Xo‘sh, jamoalar saralash o‘yinlariga qanday tayyorgarlik ko‘rishdi. “Shahrixonchi” va “Chig‘atoy” jamoalari juftligi misolida ko‘ramiz.
Artur Mamatkazin, “Shahrixonchi” klubi sport direktori:
- Avvalo shuni aytishim kerakki, “Shahrixonchi” butunlay yangi jamoa, mahalliy, Andijon hamda vodiy viloyatlaridan futbolchilar jamlangan. Shahrixonning avvalgi “Rash-Milk” jamoasiga aloqasi yo‘q. Tajribali murabbiy Mahmudjon Mamatkarimov ustozligida futbolchilarimiz yangi mavsumga jiddiy tayyorlandi. Tarkibimizga professional jamoalarda to‘p surgan bir qator futbolchilarni ham taklif etganmiz. Bular “Bunyodkor” tarbiyalanuvchisi Mo‘minmirzo Qodirov, “Paxtakor-79”dan Jasur Turg‘unov, “Rubin”dan Otabek Mo‘minov, “Navbahor-Farm”dan Iskandar Siddiqjonov, Qirg‘iziston oliy ligasi vakili “Kaganat”dan Bekzod Tursunov. Jamomizning 30 kishilik delegatsiyasi bugun Toshkentga etib keldi va joylashdi. Shu o‘rinda, tashkilotchilar musobaqani markazlashgan holda o‘tkazayotgani biz uchun ayni muddao bo‘lganini ham aytishim kerak. Maqsadimiz mavsumni yutuq bilan boshlash, Toshkentda uzoqroq qolish, futbolchilarimizning o‘yin amaliyotini oshirish.
Odiljon Isaboev, “Chig‘atoy” jamoasi murabbiyi:
- Qishki mavsumni ancha barvaqt boshlaganmiz – 15 dekabrdan. Tanaffuslar bilan uch oy shug‘ullandik, aytish mumkinki, biz mavsumga shaymiz. Tarkibimizda o‘zgarishlar bo‘lgan, bir qator shogirdlarimiz nomdor klublarga ravona bo‘lishdi, biz bundan xursandmiz. Aytaylik, Xislat Xalilov “So‘g‘diyona”ga, Muhammadbobur Mo‘ydinov “Navbahor”ga, Ahmadjon Anvarov va Sherzod Esanov “Andijon”ga, Muhammadsafo Fozilov “Bunyodkor U-21”ga, Azamat Xalilov AGMK U-21ga o‘tishdi. Ularning o‘rniga Sarvar Sharipov, Asror Kenjaev, Azizbek Ro‘ziqulov, Davronbek Umirov, Muxsin Bozorov, A’zimjon Mamatqulov kabi futbolchilar bilan to‘ldirdik. Qolaversa, o‘zimizning futbol maktabimizdan ham yoshlarni jalb etdik. Maqsadimiz kuchlilar qatoriga qo‘shilish, buning uchun esa albatta, saralash o‘yinlarida muvaffaqiyat qozonishimiz shart.