
Qarshining “Sevinch” ayollar jamoasi 20 nafar futbolchisini O‘zPFL ro‘yxatidan o‘tkazdi. Laylo Tilovova, Maftuna Shoyimova, Malika Burxonova, Nilufar Qudratova kabi 11 nafar tajribali futbolchi jamoa bilan shartnomalarini uzaytirdi. Bir qator jamoalardan mahoratli futbolchilar kelib qo‘shilgan: “So‘g‘diyona-W”dan Yulduz Shodiyeva, “Bunyodkor-W”dan Saida Galimova, “Metallurg-W”dan Lianna Narbekova, “Paxtakor-W”dan Zumradjon Nazarova. Ko‘pkarra chempion, yana qator unvonlar sohibi, o‘tgan mavsumda yarim yil “So‘g‘diyona-W”da to‘p tepgan Mahliyo Sarikova jamoada o‘ynovchi murabbiy vazifasini bajaradi. Jamoa qoshida shug‘ullanayotgan 16 yoshlilar guruhidan ham to‘rt nafar futbolchi asosiy tarkibga kiritildi.
Shuningdek, jamoani tark etganlar ham yo‘q emas. Mohir himoyachi Laylo Shodiyeva umuman futbol o‘ynashni bas qildi. Shahrizoda Zaynitdinova Turkiyaning “Trabzonspor” klubiga borib qo‘shildi, Ana Alekperova, Nilufar Baxtiyorova, Feruza Boboxo‘jayeva, Nilufar Baxtiyorova esa o‘z omadlarini boshqa jamoalarda sinab ko‘rishga ahd qilishdi.
Qolaversa, jamoaning deyarli barcha muvaffaqiyatlarida bosh-qosh bo‘lgan, o‘tgan mavsumni maydondan tashqarida o‘tkazgan Vladislav Xanning yana jamoaga qaytishi “Sevinch”ning o‘z an’analarini davom ettirishidan dalolat beryapti.