
Kecha Qarshining “Nasaf” klubi Osiyo Chempionlar ligasining guruh bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston Coca-Cola kubogi guruh bosqichi o‘yinlari davom etayotgan vaqtda mamlakatimizning ikki klubi — “Paxtakor” va “Nasaf” xalqaro maydonda kurash olib boradigan bo‘ldi.
O‘z-o‘zidan guruh bosqichida ularning o‘rnida 2 ta jamoa ishtirok etadi. Mazkur jamoalar saralash o‘yinlari orqali aniqlab olinadi.
Avvalroq xabar berilganidek, saralashda 15 ta jamoa kurash olib boradi. Bellashuvlar markazlashgan tizimda poytaxt Toshkentda tashkil etiladi. 19-mart kuni saralash uchrashuvlariga “Sport” telekanalidagi jonli efirda qur’a tashlanadi.
Saralashning I bosqichi 23-mart kuni bo‘lib o‘tadi. II bosqich 25-mart hamda III bosqich uchrashuvlari 27-mart kuniga tayin qilingan.
Qur’a davomida 15 ta klub 8 ta juftlikka ajratib olinadi va faqatgina 1 ta omadli jamoa to‘g‘ridan-to‘g‘ri II bosqich chiptasini qo‘lga kiritadi. Saralashning II va III bosqichiga ishtirokchilar ko‘z o‘ngida alohida qur’a tashlanadi.