
O‘tgan yili Iordaniya poytaxti Ammanda ayollar klublari o‘rtasidagi Osiyo chempionati bo‘lib o‘tgandi. Unda O‘zbekiston sharafini – “Bunyodkor-W” ayollar jamoasi himoya qilgan edi.
2022-yilgi mavsumda ham OFK ayollar klublari o‘rtasida Osiyo chempionati tashkil qiladi. Unda 2 ta mintaqada jami 8 ta jamoa ishtirok etadi. G‘arb mintaqasida O‘zbekistonning amaldagi chempioni – “So‘g‘diyona-W” Hindiston, Eron va Iordaniya chempionlariga qarshi bahs olib boradi. Musobaqa 15-28-avgust sanalari oralig‘ida o‘tkazilishi belgilangan.
Ayollar jamoalari o‘rtasida O‘zbekiston Professional futbol ligasi tomonidan o‘tgan mavsumdayoq yo‘lga qo‘yilgan litsenziyalash jarayoni qit’ada ayollar futbolini rivojlantirishga jiddiy e’tibor qaratayotgan OFK tomonidan 2022 yildan boshlab barcha a’zo davlatlarda ham majburiy tartibda tatbiq etiladi.
Shu asnoda 2023-yilda ayollar jamoalari o‘rtasida 8 ta klub ishtirokida ilk na’munaviy Osiyo Chempionlar ligasi tashkil qilinsa, 2024-yildan e’tiboran ayollar jamoalari uchun to‘laqonli OChLga start beriladi va unda faqat litsenziya olgan klublargina ishtirok etadi.
Ma’lumot uchun, 2021-yil yakunlariga ko‘ra O‘zbekistonning “So‘g‘diyona-W” hamda “Bunyodkor-W” jamoalari Osiyo bo‘yicha eng birinchi ayollar klublaridan bo‘lib OFK litsenziyasiga ega chiqishgan.