
Osiyo futbol konfederatsiyasi o‘tgan yildan e’tiboran qit’ada ayollar futbolini rivojlantirish bo‘yicha bir qator loyihalarni amalga oshirmoqda.
Xususan, o‘tgan yili qit’a bo‘yicha ilk bora ayollar jamoalari ham sinov tariqasida litsenziyalashdan o‘tkazildi. O‘zbekiston Professional futbol ligasi kam sonli a’zo mamlakatlar qatorida ayollar klublarini ham litsenziyalash jarayoniga jalb etdi.
Yakunda “So‘g‘diyona-W” hamda “Bunyodkor-W” Osiyo bo‘yicha eng birinchi ayollar jamoalaridan bo‘lib OFK litsenziyasiga ega chiqishdi.
2022-yildan e’tiboran mazkur jarayon barcha qolgan a’zo davlatlarda ham majburiy tartibda tatbiq etiladi. 2023-yilda ayollar jamoalari o‘rtasida ilk na’munaviy 8 ta klub ishtirokida Osiyo Chempionlar ligasi tashkil qilinsa, 2024-yildan e’tiboran ayollar jamoalari uchun to‘laqonli OChLga start beriladi va unda faqat litsenziya olgan klublargina ishtirok etadi.