
Bugun O‘zPFL binosida ayollar Oliy liga o‘yinlariga qur’a tashlash marosimi tashkillashtirildi. Jamoalar birinchi turda kim bilan ro‘baro‘ kelishlarini hamda Berger tizimi bo‘yicha keyingi tur raqiblarini ham bilib olishdi. Qur’a natijalarini “Neftchi” va “Sevinch” qarama-qarshiligi misolida kuzatamiz.
Muxlisa Otaqo‘ziyeva (“Neftchi-W” jamoasi bosh murabbiyi):
- Qur’a kutilganidek, xolisona o‘tdi. Kuchlilar safidagi ilk o‘yinimizni mamlakatning ko‘p karra chempioni, tajribali futbolchi va murabbiylariga ega “Sevinch”ga qarshi o‘tkazar ekanmiz. Bu xabarni mashg‘ulot paytida eshitdik. Rosti, men ham, shogirdlarim ham bundan sira cho‘chiganimiz yo‘q. Aksincha, kuchli raqibga qarshi yanada jiddiyroq tayyorlanamiz, mezbonligimizni unutmaslikka harakat qilamiz. Himoyaviy o‘yinni yoqtirmayman, shiorim ham “Eng yaxshi himoya – bu hujum”. Oddiy jamoa emasligimizni isbotlashimiz shart.
Gulnora Davronova (“Neftchi-W” jamoasi sardori):
- Kayfiyatimiz yomon emas, chunki buni qur’a deydilar, boshqa jamoa tushishi ham mumkin edi. Kim tushishidan qat’iy nazar baribir maydonga tushamiz, o‘ynaymiz, o‘z sha’nimiz, viloyatimiz obro‘si uchun kurashamiz. “Sevinch”ga qarshi bor kuchimiz bilan harakat qilamiz. Sababi, aynan shu o‘yin bizning nimalarga qodir ekanligimizni belgilab beradi. Negaki, chempionatda maqsadimiz kuchli beshlikka kirish.
Vladislav Xan (“Sevinch” jamoasi bosh murabbiyi):
- Qur’a raqibni emas, raqiblarimizni, mavsum taqvimini belgilab berdi. Maydonga kimga qarshi tushishimiz emas, qanday natija ko‘rsatishimiz muhim. Klubimiz strukturasida o‘zgarish bo‘ldi, biz “Nasaf”ga rasman qo‘shildik. Lekin hozircha buning foyda-ziyonini bilganimiz yo‘q. Avtobus, baza va stadionimizdan foydalanishda davom etyapmiz. Klub rahbarlari vaziyat bundanda yaxshi bo‘lishiga va’da beryapti.
Maxliyo Sariqova (“Sevinch” jamoasi o‘ynovchi-murabbiyi, sardori):
- Qur’a bizga juda ma’qul bo‘ldi. Raqibimizni kamsitmoqchi emasman, lekin baribir “Neftchi-W” “So‘g‘diyona-W” yoki “Bunyodkor-W” emasda. Ancha-muncha ulgurmagan kamchiliklarimizni shu o‘yin orqali aniqlab olamiz. Negaki, tarkibimizning etakchi qizlari ancha vaqt mamlakat terma jamoasi yig‘inida, xalqaro turnirlarda bo‘lishdi. Ular bilan boshqalarning birikishiga biroz vaqt kerak. Ayniqsa, jismoniy tayyorgarligimizni, kasallikdan davolangan futbolchilarimizni aynan shu “Neftchi”ga qarshi o‘yinda tekshirib, tiklab olamiz. Maqsadimiz esa hardoimgidek chempionlik, avvalgi shon-shuhratni takrorlash.