2022-yilgi mavsum Birinchi liga musobaqasida 16 jamoa ishtirok etadi. O‘yinlar uy-safar tizimida o‘tadi va mavsum jami 30 turni o‘z ichiga oladi.
“2022-yilgi mavsumda O‘zbekiston Professional futbol ligasi tomonidan o‘tkaziladigan musobaqalar reglamenti”ning 10.7-bandidan kelib chiqib, Superliganing to‘rt klubi o‘z farm jamoasini Birinchi liga uchun ro‘yxatdan o‘tkazdi: “Bunyodkor-Farm”, “Navbahor-Farm”, “Nasaf-Farm”, “Qizilqum-Farm”.
Shuningdek, o‘tgan mavsumda ham birinchilikda ishtirok etgan “Paxtakor-79”, “Neftgazmontaj”, “Lokomotiv-BFK” jamoalari monitoringdan o‘tdi hamda ligadagi o‘rnini saqlab qoldi. “Chig‘atoy” Respublika futbol mahoratini oshirish oliy maktabi jamoasi sifatida, “Lochin” esa O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti jamoasi sifatida Birinchi ligadagi ishtirokini davom ettiradi.
Reglamentga ko‘ra, hududiy assotsiatsiyalar tomonidan o‘tkazilgan Ikkinchi liga musobaqasi g‘oliblari ishtirokidagi Birinchi ligaga o‘tish musobaqasi sovrindorlarida ham ligada qatnashish imkoniyati mavjud edi. Mazkur imkoniyatdan “Qumqo‘rg‘on-1977” hamda “Do‘stlik Oltiariq” jamoalari unumli foydalandi. “Denov” esa talab etilgan hujjatlarni o‘z vaqtida taqdim eta olmagani sababli musobaqada ishtirok etish imkoniyatidan mahrum bo‘ldi.
O‘zbekiston Professional futbol ligasi xususiy sektor tomonidan moliyalashtirilayotgan, aniq moliyaviy manbalarga ega bo‘lgan jamoalarga imkoniyat taqdim etib kelayotganidan xabaringiz bor. “Turon”, “Andijon”, “Yangier”, “Aral Samali”, “G‘ijduvon” kabilar shular jumlasidandir. Endilikda mana shunday yo‘lni ko‘zlab yana bir qator jamoalarga Birinchi ligada bir yillik sinov tariqasida ishtirok etish imkoniyati taqdim etildi. Aslida O‘zPFL ko‘plab mana shunday murojaatlarni qabul qilib oldi. Takliflar orasidan faqatgina o‘z hududi g‘olibligini qo‘lga kiritgan, shuningdek, hududiy assotsiatsiya yoki futbol akademiyalari qoshida tashkil etilayotgan jamoalargina saralab olindi. Keyinchalik, ularning faoliyati atroflicha o‘rganib chiqildi.
Buning natijasida “Aral”, “Andijon II”, “Do‘stlik Toshkent”, “Yunired”, “Shahrixonchi” jamoalariga shartli ravishda Birinchi ligada to‘p surish imkoniyati berildi.
Ma’lumot uchun, Pro liga ishtirokchisi hisoblangan “Aral Samali” 2022-yildan boshlab to‘liq xususiy sektor tomonidan moliyalashtiriladigan bo‘ldi. Shundan kelib chiqib, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi hudud futbol assotsiatsiyasi qoshida yangi “Aral” jamoasini tashkil etdi. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Qoraqalpog‘istonda futbolni yanada rivojlantirish va ommalashtirish maqsadida mazkur jamoaga Birinchi liga yo‘llanmasini taqdim etdi.
“Andijon II” esa viloyat bolalar-o‘smirlar futbol akademiyasi qoshida bo‘lib, jamoa asosini mazkur akademiya tarbiyalanuvchilari hamda bitiruvchilari tashkil qiladi. Yaqin kelajakda O‘zPFL qolgan hududlardagi shunday akademiyalar jamoalarini ham Birinchi ligaga jalb etish ustida ish olib boradi.
“Do‘stlik Toshkent”, “Yunired”, “Shahrixonchi” jamoalari o‘z hududlarining Ikkinchi liga musobaqasi g‘oliblari sanaladi va ular to‘liq xususiy tadbirkorlar tomonidan moliyalashtiriladi. O‘zPFL ishchi-guruhi har uch jamoa faoliyatini o‘rganib chiqdi. Dastlabki ikki jamoa qoshida allaqachon bolalar-o‘smirlar futbol maktablari tashkil topgan bo‘lib, tadbirkorlar ularning millionlar o‘yini bilan shug‘ullanishlari uchun barcha sharoitlarni yaratib bergan. Ayni vaqtda ular jamoa faoliyatini kengaytirish ustida ishlayapti. O‘zPFL bu kabi jamoalarga barcha masalada yordam ko‘rsatishga tayyor. “Shahrixonchi” jamoasi rahbariyati esa tuman markazidagi ko‘hna stadionni yana katta futbolga qaytarish ustida ish olib boryapti. Homiylarning mablag‘lar aylanmasi “Shahrixonchi” jamoasiga minimal sharoitlar tashkil etish imkoniyatini berishi mumkin.
O‘zPFL o‘rganishlar jarayonida qator jamoalarga rad javobini berishga majbur bo‘lganini qayd etish kerak. Albatta, Birinchi liga musobaqasida ishtirok etish istagida bo‘lgan jamoalar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Ayniqsa, ular orasida tuman hokimliklari qaramog‘ida bo‘lgan jamoalar talaygina. Ammo o‘tgan uch yillik ko‘rsatib berdiki, moliyalashtirishning bu ko‘rinishi o‘zini oqlayotgani yo‘q. Bu holat avvalroq “Yashnobod”, “Zirabuloq”, “Jomboy” va boshqa shunga o‘xshash jamoalar misolida ham ko‘rindi va jamoalar O‘zPFL a’zolari qatoridan chiqarildi hamda ularga Ikkinchi liga musobaqasida ishtirok etish tavsiya etildi. Biz bugungi kunda xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, Birinchi ligaga o‘z hududi g‘olibi sifatida yo‘l olish kabi printsiplarni to‘la qo‘llab-quvvatlaymiz.
Demak, 16 ta jamoa bilan tanishing:
Andijon II (Andijon)
Shahrixonchi (Andijon)
Navbahor-farm (Namangan)
Paxtakor-79 (Namangan)
Do‘stlik Oltiariq (Farg‘ona)
Lochin (Toshkent viloyati)
Bunyodkor-farm (Toshkent)
Lokomotiv-BFK (Toshkent)
Neftgazmontaj (Toshkent)
Chig‘atoy (Toshkent)
Do‘stlik Toshkent (Toshkent)
Yunired (Samarqand)
Qizilqum-farm (Navoiy)
Nasaf-farm (Qashqadaryo)
Qumqo‘rg‘on-1977 (Surxondaryo)
Aral (Qoraqalpog‘iston).