
“Bunyodkor-W” jamoasi olti nafar futbolchisini O‘zPFL ro‘yxatidan o‘tkazdi. Jamoa yetakchisi Lyudmila Karachik, tajribali o‘yinchilar So‘g‘diyona Allamurodova va Alina Almatova bilan shartnomalarini uzaytirdi. Shuningdek, o‘tgan mauvsumda “Metallurg-W” jamoasida to‘p tepgan Gulandon Boymatova, Oybarchin Turg‘unova va Ozoda Xojiyeva bilan shu yilning oxiriga qadar kelishuvga erishdi.
Jamoaning tajribali, asosiy tarkib vakillaridan Saida Galimova, Gulchehra Eshmamatova va Dildora Asadova bu yil o‘z omadlarini boshqa jamoalardan izlashni lozim topishdi, Luiza Sadirova sog‘ligi bilan bog‘liq muammolari tufayli vaqtincha futboldan tashqarida bo‘lishga ahd qildi, Dildora Nozimova esa oila qurib, futboldan vaqtinchalik tanaffus oldi. Zuhra Berdiyeva futbolchilik faoliyatini yakunladi. Jamoa 19-mart kuni bo‘lib o‘tadigan “So‘g‘diyona-W”ga qarshi mavsumning dastlabki uchrashuvi – Superkubok o‘yiniga jiddiy tayyorgarlik ko‘rmoqda. Jamoa “Lokomotiv-W” jamoasi bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazdi va 2:1 hisobida g‘alaba qozondi. 25-fevral kuni yana “Lokomotiv-W” bilan, 27-fevralda esa AGMK-W jamoasi bilan nazorat uchrashuvlari tashkil etishni rejalashtirgan. Garchi tarkibida sezilarli yo‘qotishlar yuz bergan bo‘lsada, jamoaning yagona maqsadi – chempionlik va kubok ekanligini yashirmayapti.