
Sport tadbirlari, xususan, futbol uchrashuvlari vaqtida ishtirokchilar va tomoshabinlar xavfsizligini ta’minlash eng ustuvor vazifalardan biri sanaladi.
Bunda ayniqsa, futbol klubi tizimida faoliyat olib borayotgan xavfsizlik bo‘yicha ofitserlar o‘z vazifalarini to‘laqonli bajarishlari lozim bo‘ladi.
O‘zPFL o‘tgan yildan e’tiboran har mavsum avvalida klublarning xavfsizlik ofitserlari uchun o‘quv-seminari tashkil etishni yo‘lga qo‘ydi.
Bugun 2022-yilgi mavsum oldidan klublar xavfsizlik bo‘yicha ofitserlarining xizmat vazifalari, ularga qo‘yiladigan talablar, o‘yin oldidan va uchrashuv davomida stadion hududida xavfsizlik qoidalariga to‘la rioya etilishini ta’minlash, ayniqsa pandemiya sharoitida e’tibor qaratish lozim bo‘lgan jihatlarga bag‘ishlab O‘zPFLda Superliga hamda Pro liga klublari xavfsizlik bo‘yicha ofitserlari uchun maxsus seminar tashkil etildi.
Unda O‘zPFL, O‘FA, Ichki ishlar organlari va Milliy gvardiyaning jamoat tartibini saqlash bo‘yicha mas’ullar, shuningdek, Markaziy Milliy Gvardiya JTSX bo‘limi ma’sul xodim Jasurbek Abduraxmonovich, Toshkent shaxar Milliy gvardiya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Ulug‘bek Qodiraliyev, Ichki ishlar vazirligi JTSX bo‘lim boshlig‘i podpolkovnik Farrux Mahmudov kabi ma’ullar ham ishtirok etib, o‘tgan mavsum bu borada amalga oshirilgan ishlar sarhisobini bajargan holda oldindagi mavsum uchun umumiy rejalar muhokama qilindi.
Seminarda xavfsizlik bo‘yicha ofitserning xizmat vazifalari, ularning o‘yinni xavfsiz va barcha qonun-qoidalarga mos ravishda o‘tishidagi ahamiyati muhokama etildi. Har bir klub uy uchrashuvlarini o‘tkazadigan stadionda xavfsizlik rejasi ishlab chiqilgan bo‘lishi lozim ekani, o‘yin davomida klub vakili aynan mana shu reja asosida jamoat tartibini saqlash bo‘yicha Ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya bilan yaqin hamkorlikda ishlashi tushuntirildi.