2022-yilgi O‘zbekiston Superkubogiga Yaypan mezbonlik qiladi.
27-fevral sanasida Yaypandagi “O‘zbekiston” stadionida Superkubok uchrashuvi bo‘lib o‘tadi va unda amaldagi chempion “Paxtakor” mamlakat kubogi sohibi “Nasaf”ga qarshi bahs olib boradi.
Superkubok o‘yini 27-fevral kuni soat 16:00 da start oladi. Undan bir kun avval esa o‘yinoldi rasmiy tadbirlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
Xususan, 26-fevral kuni soat 16:00 da nominal mehmon – “Nasaf” “O‘zbekiston” stadionida rasmiy mashg‘ulotini o‘tkazadi. Soat 17:00 da esa nominal mezbon – “Paxtakor” mashg‘ulot olib boradi. Mashg‘ulotlarning dastlabki chorak soati OAV vakillari uchun ochiq tarzda o‘tadi.
O‘yinoldi matbuot anjumanlari ham “O‘zbekiston” stadionida tashkil etiladi. “Nasaf” bosh murabbiyi va 2 nafar etakchi futbolchisi ishtirokidagi matbuot anjumani soat 17:15 da o‘tkazilsa, “Paxtakor” ustozi va etakchi o‘yinchilari ishtirokidagi matbuot anjumani soat 18:15 da bo‘lib o‘tadi. Matbuot anjumanlari jonli efirda namoyish etiladi.
Barcha turdagi OAV vakillarini Yaypandagi uchrashuv tafsilotlarini yaqindan yoritib borishga chorlaymiz.