Shu yilning 27-fevral sanasida O‘zbekiston Superkubogi uchrashuvi bo‘lib o‘tishi avvalroq xabar berilgandi. Unda O‘zbekistonning amaldagi chempioni “Paxtakor” mamlakat kubogi sohibi “Nasaf”ga qarshi saf tortadi.
Bir yil avval ham mazkur jamoalar ishtirokidagi uchrashuv futbol mavsumini boshlab bergan va o‘yinga Samarqand mezbonlik qilgandi. Bunda maydon har ikki klub uchun neytral bo‘lishi masalasi kun tartibiga qo‘yilganini qayd etish kerak.
Qarshi va Toshkent uchun neytral arena sifatida yana Samarqand shahrini tanlab olish to‘g‘ri bo‘lmasdi. Boisi, mazkur shahar 2021-yilgi mavsumda ikki katta futbol uchrashuviga mezbonlik qildi. Jizzaxdagi stadionda esa maysa holatini yaxshilash ishlari davom etmoqda. Vodiyga nazar solinsa, ayni vaqtda Namangan va Yaypandagi stadionlar talabga javob beradi. Biroq ikki yil avval Namangan ham katta futbol uchrashuvini qabul qilgan.
O‘tgan mavsum Yaypanning “Turon” futbol klubi o‘z arenasini qayta rekonstruktsiya qildi. Shuningdek, klub qisqa fursat ichida o‘z projektorlarini OFK talab qilgan minimum ko‘rsatkichlarga keltira oldi. Shundan kelib chiqilsa, mazkur arena ham endilikda katta uchrashuvlarga mezbonlik qilishga tayyor. Natijada O‘FA hamda O‘zPFL o‘zaro fikr almashib, Superkubok uchrashuvini Yaypanda tashkil qilishga qaror qildi.
“Turon” futbol klubi va O‘zPFL Superkubok masalasida kelishib oldi. Endilikda ushrashuvni yuqori saviyada tashkil etish yuzasidan hamkorlikda ish olib boriladi.
27-fevral kungi bellashuv 16:00 da start oladi. O‘zbekiston kubogining final uchrashuviga mezbonlik qiluvchi arena nomiga esa kubok bellashuvlariga qur’a tashlash marosimida oydinlik kiritiladi.