
Bugun FIFA xalqaro uchrashuvlarda 2022-yilda faoliyat yuritishga da’vogar hakamlar ro‘yxatini e’lon qilindi. Ro‘yxatda o‘zbekistonlik to‘rt nafar hakam nomi qayd etildi. Edita Mirabidova va Anna Sidorova xalqaro musobaqalarda bosh hakam sifatida, Zilola Rahmatova va Kristina Sereda esa yordamchi hakam sifatida ro‘yxatda ko‘rsatilgan.
Dunyo bo‘yicha eng ko‘p ayol hakamlari Braziliyadan – 7 nafar bosh hakam va yana shuncha assistent. Shuningdek, bu davlatdan yana to‘rt nafar futzal, bir nafar plyaj futboli va ikki nafar VAR hakamlari bor – jami 21 nafar ayol referi. Meksikada 6 nafar bosh va 7 nafar assistent, Argentina, Angliya, Germaniya, Rossiya, Ispaniya mamlakatlarida 5 nafardan bosh va 6 nafardan assistent belgilangan. Eng ko‘p futzal referilari – Ekvador va Braziliyadan (4 nafardan), Argentina, Venesuela, Yaponiya va Eronda – 3 nafardan. Ro‘yxatda atigi to‘rt davlatdan (ayol) plyaj futboli hakami – Polsha, Italiya, Germaniya va Braziliya (1 nafardan).
Osiyodan eng ko‘p ayollar hakamlari Yaponiyadan – to‘rt nafardan bosh va yordamchi hakam, uch nafar futzal hakami. Eronda uch nafardan bosh va yordamchi hakam, yana uch nafar futzal hakami. Qirg‘iziston va Tojikistonda ikki nafar, Turkmanistondan esa birgina futzaldan ayol hakami ro‘yxatga kiritilgan.
Qit’amizda Saudiya Arabistoni, Qatar, Pokiston, Kuvayt, Iroq, Indoneziya, Baxrayn, Maldiv orollaridan birorta ham ayol hakami qayd etilmagan.
Aksincha, Nikaraguadan bor-yo‘g‘i ikki nafar bosh hakam ro‘yxatga kiritilgan. E’tiborlisi, ikkisi ham ayol hakamlar.