
O‘zPFL tomonidan o‘tkaziladigan musobaqalar uchun Reglamentning 17-bob 9-bandida “Qaydnomadan O‘zPFL litsenziyasiga ega bo‘lgan 7 nafargacha rasmiy shaxs joy olishi mumkin. Rasmiy shaxslar orasida klub shifokorining bo‘lishi majburiydir” deb yozilgan. 2021-yilgi ayollar mavsumida deyarli barcha jamoalar bu qoidaga amal qildi. “Sevinch”, “Bunyodkor-W”, AGMK-W, “So‘g‘diyona-W” va “Metallurg-W” jamoalari talabni maksimal darajada bajargan bo‘lsa, “Paxtakor-W” va “Qizilqum-W” zaxira o‘rindiqlaridan 4 nafardan rasmiylar joy olishdi. “Buxoro-W” va “Lokomotiv-W” jamoalari ham minimum darajada javob berdi. Birgina “Navbahor-W” jamoasi kadrlar masalasida “oqsadi”. Kam sonli o‘yinlarda o‘yin qaydnomasiga bosh murabbiy va shifokor ismi-sharifi yozilgan bo‘lsa, aksariyatida jamoani birgina bosh murabbiy Karima Yo‘ldoshevaning o‘zi boshqardi. 10-tur doirasidagi “Navbahor-W” va “Sevinch” uchrashuvida maydon egalariga bitta rasmiy – shifokor G‘ofurjon Jo‘raev kiritildi. 18-tur doirasida safarda “Buxoro-W”ga qarshi o‘yinda esa “Navbahor-W” qaydnomasiga birorta ham rasmiy kiritilmadi. Shuningdek, butun mavsum davomida “Lokomotiv-W” qaydnomasi bosh murabbiyni “ko‘rmadi”, jamoaga darvozabonlar murabbiyi Dmitriy Smirnov boshchilik qilib keldi.
O‘zPFL 2022 yildan OFK va FIFA talablaridan kelib chiqib o‘zining talablarini yanada kuchaytiradi. Superliga klublari qoshida faoliyat yurituvchi ayollar jamoalarining rasmiylar tarkibida “Pro” litsenziyasiga ega bosh murabbiy (kamida “Pro” litsenziyasiga o‘qiyotganligi haqidani ma’lumotnomaga), “B” litsenziyasiga ega yordamchi murabbiy (albatta ayol bo‘lishi), “Level-1” litsenziyaga ega darvozabonlar murabbiyi, shifokor va fizioterapevt (albatta ayol bo‘lishi kerak) ish olib borishi belgilangan. Shuningdek, jamoa tarkibida ma’murning bo‘lishi tavsiya etiladi.