Ayollar futbolidagi iste’dodlar: Maftuna Shoyimova va Lyudmila Karachik haqida

Ko‘pkarra chempion, Kubok va Superkubok sohibi, terma jamoaning asosiy tarkib vakili Maftuna Shoyimovaning otasi Suyunboy aka Toyloqov futbolning ashaddiy ishqibozi, o‘zi ham bir paytlar futbol jamoalarida to‘p tepgan. Gohida, ishdan erta qaytganida uyida to‘p bilan shug‘ullanar, aksariyat hollarda qizi Maftunani ham oldiga chaqirib olib, to‘p teptirardi.  Maftunaning ishqi esa to‘pga emas, balki stol tennisiga tushgandi. Ularning Qarshi shahrida qarindoshlari bo‘lib, oilaviy bordi-keldilar bo‘lardi. Shu keldi-ketdilarning birida shahar aylanayotgan Maftunaning ko‘zi  javlon urib, qiy-chuv qilib to‘p tepayotgan qizlarga ko‘zi tushadi – bu “Sevinch”ning mashg‘ulotlari edi. Qizning iltimosi va otaning xohishi bilan Maftuna “Sevinch”ga, Bahrom Norsafarov qo‘liga topshiriladi.

 

Lyudmila Karachikni tanimaydigan futbol muxlisi bo‘lmasa kerak. Lekin uning futbolga qanday kirib kelganini hamma ham bilavermaydi. Lyudmila aslida Toshkent shahridagi 21-Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi. Uni birinchi bo‘lib katta futbolning nomdor vakili Alisher Bozorov kashf qilgan. Bozorov mazkur Mehribonlik uyi bilan aloqador bo‘lga, qo‘lidan kelganicha yordamini kanda qilmagan. Muassasada ta’lim oladigan o‘g‘il bolalarga futboldan saboq berar ekan, ularning orasida qiz bola ham borligidan xayratlangan. Bu qiz to‘p bilan muomala qilishda, yugurishda, raqibni aldash va zarbalar berishda o‘g‘il bolalardan ustun bo‘lsa ustun ediki, kam emas edi. Alisher Bozorov bu chaqqon qizdan “futbolchi bo‘lishni xohlaysanmi”, deb so‘raydi, turgan gapki Lyudmila “ha” deb javob beradi. Bozorov muassasaga begona bo‘lmagani bois rahbarlardan ruhsat olishga qiynalmadi va Milani etaklab Qibrayga olib boradi. Bu erda ayollar o‘rtasida Respublika birinchiligi bo‘layotgan edi. Alisher qizni o‘zining hamshahari, “TerDU-Surxon” jamoasi bosh murabbiyi Baxtiyor Omonturdievga topshiradi. Keyinchalik uning futbol pasportida “Qushbegi” (bosh murabbiyi Elmira Gulyamova), “Sevinch-2” (Ravshan Sharofiddinov), “Paxtakor” (Olga Kim), “Metallurg” (Sherali Boboqulov), 2018 yildan shu kungacha esa “Bunyodkor” (Elmira Gulyamova) jamoalari paydo bo‘ldi.

 

Ayollar futboliga yosh qizlarning kirib kelishi jarayonlari haqida gap yuritar ekanmiz, mamlakatimizda iste’dodli, iqtidorli qizlar talaygina. Qizlarining futbolchi bo‘lib etishishini, shu orqali sog‘lom kamol topib, o‘zini ko‘rsatib, el-yurt oldida hurmat topishini orzu qilayotgan ota-onalar qancha? Afsuski, ularning boradigan futbol maskanlari barmoq bilan sanoqli...

 

 

 

mib
uzcard
cola
apex
bmb