O‘zbekistonning 2 ta ayollar jamoasi OFK litsenziyalashidan muvaffaqiyatli o‘tdi

Osiyo futbol konfederatsiyasi talabi asosida har yili erkaklar jamoalari litsenziyalash jarayonidan o‘tishi sizga ma’lum. Futbol klublarining infratuzilma jihatidan rivojlanib borishini ta’minlash maqsadida o‘tkaziladigan mazkur jarayonga O‘zbekiston Professional futbol ligasi oxirgi yillarda jiddiy e’tibor qaratmoqda.

O‘zbekiston Osiyoda birinchilardan bo‘lib ayollar jamoalarini ham litsenziyalashdan o‘tkazishni yo‘lga qo‘ydi. Xususan, ortda qolgan 2021-yilda Osiyoda ilk bora ayollar jamoalari ham sinov tariqasida litsenziyalashdan o‘tkazildi. O‘zPFL OFKning qit’ada ayollar futbolini rivojlantirish bo‘yicha qilinayotgan mazkur tashabbusini qo‘llab-quvvatladi va OFKning so‘roviga ijobiy javob bergan holda, kam sonli mamlakatlar qatorida O‘zbekiston ayollar Oliy ligasi jamoalari ilk bora litsenziyalashga ariza topshirishdi. Bunda 11 ta klub – Oliy liganing 10 ta ishtirokchisi va ko‘ngilli tarzda Birinchi liganing “Dinamo-W” jamoasi OFKning onlayn platformasi – AFC CLASga 5 asosiy tamoyil: sport, infratuzilma, ishchi-xodimlar, huquqiy, moliyaviy mezon bo‘yicha zarur hujjatlar to‘plamlarini yuklab borishdi.

Yakunda, 2 ta klub – Jizzaxning “So‘g‘diyona-W” hamda Toshkentning “Bunyodkor-W” jamoalari OFK litsenziyasini qo‘lga kiritishdi.

Qit’a futbol uyushmasining rejasiga ko‘ra, 2022-yildan e’tiboran ayollar jamoalarini litsenziyalash jarayoni barcha qolgan a’zo davlatlarda ham qat’iy tatbiq etiladi. Boisi 2023-yildan boshlab ayollar jamoalari o‘rtasida to‘laqonli Osiyo Chempionlar ligasi tashkil qilinishi rejalashtirilmoqda va ushbu musobaqada kelasi yildan faqat litsenziya oladigan klublargina ishtirok etadi.

mib
uzcard
cola
apex
bmb