Viloyat hokimi maydonga tushdi

Jizzaxdagi “So‘g‘diyona” sport majmuasida futzal bo‘yicha mamlakat chempionatining to‘rtinchi tur o‘yinlari nihoyasiga etdi. Bugun bo‘lib o‘tgan “HUAXIN-Jizzax” va “Neftchi” jamoalari uchrashuvida Jizzax viloyati hokimi,  jamoaning eng yoshi ulug‘ o‘yinchisi Ergash Saliev maydonga tushib, jamoadoshlarining g‘alabasiga hisa qo‘shdi. Ergash Saliev o‘yindan keyin O‘zPFL matbuot xizmatiga quyidagilarni gapirib o‘tdi:

- Uch kundirki Jizzaxda futbol bayrami. Markaziy sport majmuamiz futzal bo‘yicha mamlakat chempionatining to‘rtinchi turiga mezbonlik qildi. Chempionlikka da’vogarlar orasida viloyatimizning “HUAXIN-Jizzax” jamoasi borligi, etakchilar qatorida borayotganligi butun viloyat ahlini hursand etayotganligi bor gap.

 “So‘g‘diyona” ayollar jamoamiz ilk bor mamlakat chempionatining oltin medalini qo‘lga kiritdi, O‘zbekiston Kubogi sohibi bo‘ldi, “So‘g‘diyona” erkaklar jamoasi Coca-Cola Superligasida faxrli ikkinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi, futzal bo‘yicha “HUAXIN-Jizzax” jamoamiz esa bosh sovrin uchun astoydil kurashga kirishgan.

Albatta, bu muvaffafqiyatlar zamirida viloyatimizda futbolga, jumladan ayollar futboli va futzalga berilayotgan e’tibor, qiziqish, yaratilayotgan shart-sharoitlar  samarasi yotibdi. Qolaversa, ommaviy futbolga bo‘lgan e’tibor ham yuqori. Prezidentimizning aholini ommaviy sportga jalb etish samaradorligini kamida 25 foizga etkazish tashabbusi viloyatimizda 30 foizlik natija bilan amalga oshirilyapti.  Futbol bo‘yicha ikkinchi liga musobaqamiz saviyasi yildan-yilga ortayotganligi boshqa viloyatlar natijadorligi bilan taqqoslaganda yaqqol oydinlashyapti. Futzal bo‘yicha ikkinchi liga turnirimiz ham ikki-uch yildirki katta shov-shuvlarga sabab bo‘lyapti. Futzal bo‘yicha navbatdagi mavsum yanvar oyining boshlarida start oladi. Aniq taqvim, mukammal tashkilotchilik va salmoqli rag‘batlantirish bilan ta’minlangan musobaqada ishtirok etuvchilar soni yildan-yilga ko‘payyapti.  So‘ngi birinchiligimizda etmishta jamoa qatnashdi. Hatto qo‘shni viloyatlardan kelib qatnashish istagida bo‘lganlar ham bor. Respublika jamoalarida to‘p surayotgan taniqli va tajribali futzalchilar musobaqa qatnashchi jamoalarida murabbiy sifatida faoliyat yuritish istagida bo‘layotganligi ham haqiqat. Musobaqaning mukofot jamg‘armasi 50 million so‘mni tashkil etadi, g‘olib jamoa esa “Neksiya-3” avtomashinasi bilan taqdirlanadi.

Maqsadimiz futzal bo‘yicha viloyatimiz bosh jamoasini mamlakat chempionati Oliy ligasining shoxsupasida ko‘rish. Bu yo‘lda jamoani shakllantirish bo‘yicha barcha masalalar hal etilgan. Tarkibimizning aksariyati mamlakat terma jamoasiga nomzod futzalchilar. Bahodir Ahmedov ustozligidagi jamoamizning nafaqat O‘zbekiston chempioni bo‘lishi, balki Osiyo Chempionlar ligasida yurtimiz sport sharafini munosib himoya qilishi uchun zaruriy sharoitlarni yaratib beramiz. Fursatdan foydalanib, barcha futbol ishqibozlarini kirib kelayotgan yangi yil bilan samimiy muborakbod etaman. Mustahkam sog‘lik, oilaviy tinchlik-xotirjamlik tilayman. 2022 yil ham barchamiz uchun xayrli kelsin, yutuqlarimiz, muvaffaqiyatlarimiz yili bo‘lsin.

mib
uzcard
cola
apex
bmb