Hamdardlik

O‘zbekistonda mini-futbol (futzal)ga tamal toshini qo‘ygan, uning tashkil etilishi va rivoj topishiga bosh-qosh bo‘lgan Zohidjon Omilov bugun 76 yoshida olamdan o‘tdi.

Butun hayotini futbolga baxshida etgan Zohidjon Omilov O‘zbekiston Davlat jismoniy tarbiya institutining futbol mutaxassisligi fakultetini tamomlagach 1971 yilga qadar turli klublarda, jumladan, Respublika birinchiligida ishtirok etgan “G‘urumsaroy” va “O‘rtasaroy” jamoalarida to‘p surdi. Uning keyingi hayoti futbol hakamligi, mutaxassisi, tashkilotchisi sifatida kechdi. Respublika, hatto sobiq Ittifoq miqyosidagi rasmiy musobaqalarni hakam sifatida boshqardi.  Keyinchalik Toshkent viloyati futbol federatsiyasining “Qishloq futboli” sektoriga rahbarlik qildi, ko‘p yillar viloyat futbol federatsiyasining raisi sifatida faoliyat olib bordi.   

Zohidjon Omilovning nomi ayniqsa, O‘zbekiston mini-futboli bilan chambarchas bog‘liq. 1995 yil O‘zbekiston futbol federatsiyasida ish boshlagan qahramonimiz asosiy e’tiborni mamlakat mini-futboliga asos solish va uni rivojlantirishga qaratdi. Mini-futbol chempionatini tashkil etish, uni rivojlantirish, ommalashtirish va xalqaro miqyosga olib chiqish borasida katta jonbozlik ko‘rsatdi. U bevosita tashkil etgan, tayyorlagan va bosh-qosh bo‘lgan mamlakat terma jamoasi 2001 yil Eronda o‘tgan Osiyo chempionatida faxrli ikkinchi o‘rinni egalladi. Shaxsan uning tashabbusi bilan mini-futbol bo‘yicha Markaziy Osiyo birinchiligi tashkil topib, terma jamoa va klublar ishtirokida xalqaro musobaqalar o‘tkazilib kelindi, aksariyatida o‘zbekistonliklar qator muvaffaqiyatlarga erishdi.   

O‘zbekiston Professional futbol ligasi mamlakatda mini-futbol sport turining asoschisi Zoxidjon Omilovning vafoti munosabati bilan uning oila-a’zolariga, yaqin qarindoshlariga ta’ziya izhor etadi.

mib
uzcard
cola
apex
bmb