Poytaxtdagi “Paxtakor” stadionida Super va Pro ligaga tegishli bo‘lgan mavsumning so‘nggi uchrashuvi o‘tkazildi. Unda chempionat yakunlariga ko‘ra Superligada 12-o‘rindan joy olgan Muborakning “Mash’al” jamoasi Pro liganing uchinchi o‘rin egasi Toshkentning “Olimpik” jamoasiga qarshi maydonga tushdi.
Oltinchi marotaba tashkil etilgan o‘tish o‘yinlari an’anasi bu gal buzildi. Besh marotaba o‘tkazilgan mazkur o‘yinlarning barchasida Superliga vakillari g‘alaba qozonib, kuchlilar qatoridagi joyini saqlab qolgandi. Bu gal esa Pro liga ishtirokchisi “bir aylanib” Superliga a’zosi bo‘ldi qoldi. Bu borada muborakliklarning omadi ko‘p ham chopavermagan. Avvalgi safar, 2018 yilda ham “Mash’al” o‘tish o‘yinida “So‘g‘diyona”ga imkoniyatni boy berib qo‘ygandi, bu gal ham o‘sha “an’anasini” davom ettirdi. Vaholanki, “Mash’al” Sirojiddin Qo‘ziyevning penaltidan urgan goli evaziga o‘yinda birinchi bo‘lib hisobni ochgandi. Oradan besh-olti daqiqa o‘tib Otabek Jo‘raqo‘ziyev goli evaziga hisob tenglashadi. Keyingi gal esa Temur Mamasidiqov ikki daqiqada ikkita gol urib hisobni oshirdi. Shu tariqa “Olimpik” Superliganing Pro ligadan chiqqan uchinchi jamoasiga aylandi. Oldinda mavsumning so‘nggi bitta o‘yini qoldi – O‘zbekiston Kubogi finali. “Nasaf” va “Paxtakor” jamoalari o‘rtasidagi mazkur bahs 4 dekabr kuni Samarqanddagi “Dinamo” stadionida o‘tkaziladi. Uchrashuv soat 16.00da boshlanadi.
O‘tish o‘yini
2 dekabr, payshanba
OLIMPIK – MASH’AL - 3:1 (0:0)
Toshkent. “Paxtakor” stadioni. 323 tomoshabin.
Hakamlar: Rahimbek Karimov, Aleksandr Sidorov, Doniyor Saylalov, Akobirxo‘ja Shukurulloyev
Nazoratchi: Marat Ismailov
VAR hakami: Aziz Asimov
VAR assistent: Baxtiyorxo‘ja Shavkatov
VAR nazoratchisi: Valentin Kovalenko
Komissar: Sardor Qudratullayev.
Gollar: Sirojiddin Qo‘ziyev, 57-pen. (0:1), Otabek Jo‘raqo‘ziyev, 63 (1:1), Temur Mamasidiqov, 75 (2:1), Temur Mamasidiqov, 77 (3:1).
"Olimpik": Vladimir Nazarov, Saidazamat Mirsaidov, Bekzod Shamsiyev, Temur Mamasidiqov (Muhammadali G‘iyosov, 90+3), Otabek Jo‘raqo‘ziyev (Bektemir Abdumannonov, 83), Dostonbek Tursunov, Muhammadaziz Ibrohimov (Jaloliddin Sodiqov, 83), Abdurauf Bo‘riyev, Alisher Odilov (Ruslanbek Jiyanov, 57), Shahzod Toirov, Davron Anvarov (Farruxbek Muxtorov, 57)
"Mash’al": Dostonbek To‘xtaboyev, Ifeani Ifeani (Abdumalik Norqobilov, 87), Oybek Nurmatov (Xudoyorxon Sagdullayev, 81), Samuel Chigoze, Muhammadali Aliqulov, Jamoliddin Ubaydullayev, Sirojiddin Qo‘ziyev, Samandar Shukurillayev, Muhammad Yuldashev (Abbos Shodmonov, 72), Ibrohim No‘monov (Qahromon Bahodirov, 87), Jahongirbek Abdusalomov (Ruslan Xojiyev, 81)
Ogohlantirishlar: Behzod Shamsiyev, 90+1, Jaloliddin Sodiqov, 90+5 - Samandar Shukurullayev, 67, Ifeani Ifeani, 87, Muhammadali Aliqulov, 90, Abdumalik Norqobiloyev, 90+2.