Ayollar o‘rtasida O‘zbekiston kubogi. Final oldidan hisob-kitoblar

Bugun muhtasham “Bunyodkor” stadionida ayollar futboli bo‘yicha O‘zbekiston kubogining hal qiluvchi final uchrashuvi o‘tkaziladi. Unda Toshkentning “Bunyodkor-W” hamda Jizzaxning “So‘g‘diyona-W” jamoalari o‘zaro kuch sinashishadi. 

Kubok o‘yinlari hisob bo‘yicha 20-marotaba tashkil etilmoqda. Yubiley musobaqa 2002-yilda start olgan va shu kungacha bor-yo‘g‘i to‘rtta jamoaga nasib etgan. Kubokning ilk g‘olibi “Andijanka” hisoblanadi. Andijonliklar ketma-ket uch yil bosh sovrinni hech kimga bermagan, jami bo‘lib to‘rt marta Kubok sohibi bo‘lgan. 20-marta o‘tkazilayotgan Kubok o‘yinlarining teng yarmida “Sevinch”ning omadi kelgan. Qarshiliklar ikki marotaba ketma-ket to‘rt yildan bosh sovrinni o‘ziniki qilgan. “Metallurg-W” uch, “Bunyodkor-W” a’zolari esa ikki marotaba kubokni boshi uzra ko‘targan.

Hal qiluvchi o‘yinda “Bunyodkor-W” to‘rtinchi marotaba maydonga tushadi. “Qaldirg‘ochlar” dastlab 2017-yilgi mavsumda finalgacha etib borgan. So‘nggi uchrashuvda “Bunyodkor-W” a’zolari Bekobodning “Metallurg-W” jamoasiga 1:3 hisobida imkoniyatni boy bergan. O‘shanda “Metallurg-W” uchinchi marta bosh sovrin sohibi bo‘lgan. 2019 va 2020-yilgi mavsumlarda omad “qaldirg‘ochlar”ga kulib boqdi. Elmira Gulyamova shogirdlari avvaliga “Sevinch”ni, keyingi yilda esa “So‘g‘diyona-W”ni bir hil hisoblarda (2:0) mag‘lubiyatga uchrata olgan. 

Bugungi finalchilardan biri “So‘g‘diyona-W” esa hal qiluvchi o‘yinda uchinchi marta maydonga chiqyapti. Ilk bor 2018 yilgi mavsum finalida jizzaxliklar “Sevinch”ga yutqazgan edi (0:3), o‘tgan yili esa, yuqorida tilga olganimizdek, o‘z maydonida “Bunyodkor-W”ga kuchi etmagan.

Ayollar o‘rtasida O‘zbekiston Kubogining barcha sohiblari:

2002-yil – “Andijanka” (Andijon)
2003-yil – “Andijanka” (Andijon)
2004-yil – “Andijanka” (Andijon)
2005-yil – “Sevinch” (Qarshi)
2006-yil – “Sevinch” (Qarshi)
2007-yil – “Sevinch” (Qarshi)
2008-yil – “Sevinch” (Qarshi)
2009-yil – “Andijanka” (Andijon)
2010-yil – “Sevinch” (Qarshi)
2011-yil – “Sevinch” (Qarshi)
2012-yil – “Sevinch” (Qarshi)
2013-yil – “Sevinch” (Qarshi)
2014-yil – “Metallurg-W” (Bekobod)
2015-yil – “Metallurg-W” (Bekobod)
2016-yil – “Sevinch” (Qarshi)
2017-yil – “Metallurg-W” (Bekobod) 
2018-yil – “Sevinch” (Qarshi)
2019-yil –  “Bunyodkor-W” (Toshkent)
2020-yil – “Bunyodkor-W” (Toshkent)
2021-yil - ?????

 

mib
uzcard
cola
apex
bmb