21 yoshlilar chempionatining 21-turida safarda to‘p surishiga qaramay “Bunyodkor” jamoasini yirik (5:2) hisobda mag‘lubiyatga uchratgan AGMK jamoasi muddatidan ancha oldin chempionlikni qo‘lga kiritdi. Olmaliqliklar 21-turga qadar 21 uchrashuvdan 16 tasida g‘alaba qozondi, uchta o‘yinni durang bilan yakunladi, atigi ikkita uchrashuvda raqiblariga imkoniyatni boy berishdi. “Andijon”, “Turon” va “Qizilqum” jamoalari bilan o‘yinlarda bir xildagi (1:1) natijani qayd etgan bo‘lsa, “Paxtakor”ga 1:2, “Bunyodkor”ga esa 0:2 hisobda yutqazib qo‘ydi. To‘plar farqi 37-18 ni tashkil etmoqda. Ikkinchi o‘rinda borayotgan “Bunyodkor” jamoasi AGMKdan 16 ochkoga ortda qolmoqda.
G‘olib jamoani tabriklash va muvaffaqiyatlar sirini bilish maqsadida AGMK U21 bosh murabbiyi A’zamjon Sherg‘oziyevga murojaat etdik.
- Olmaliqda futbolni sevishadi. Tuman va shahar hokimiyati, ayniqsa, bosh muassisimiz Olmaliq kon-metallurgiya kombinati aktsiyadorlik jamiyatining e’tibori, qo‘llab-quvvatlashi natijasida shahrimizda futbol ancha rivojlangan. Bosh jamoamiz necha yildirki kuchlilar qatoriga kirishga intiladi, O‘zbekiston kubogi sohibi bo‘lgan. Futzalchilarimiz bir necha yil peshqadamlikni hech kimga bermadi. Ayollar futbolidagi yutuqlarimizni ham, nasib qilsa uzoq kutmasak kerak. Shular qatorida endi bizning 21 yoshlilar jamoamiz ham tilga tushadigan bo‘ldi. Birinchi marta muvaffaqiyatga erishdik. Bo‘lganda ham muddatidan bir-ikki tur emas, balki besh tur avval maqsadimizga etdik.
- Muvaffaqiyatlar bejiz emas – tajribali murabbiy, yetarli shart-sharoitlar, rahbariyatning kuchli e’tibori...
- Haq gap. Aslida 2008 yil AGMKning oliy ligaga chiqishiga futbolchi sifatida hissa qo‘shganman. Orada “Semurg‘”, “Mash’al”, “Metallurg”, “Zarafshon”, “Traktor”, “Vobkent” jamoalarida o‘ynadim. Shukurki, futbolchilik faoliyatimni ham 2016-yili aynan AGMKda tugatdim. O‘sha yiliyoq meni asosiy tarkibning yoshlar jamoasiga murabbiylikka jalb etishdi. Yoshlar jamoasida bosh murabbiy Suyun Murtazoyevga yordam berdim. 2018-yildan shu jamoada bosh murabbiyman. Ikki yildirki chempionatda 4 va 5-o‘rinlarni egallab keldik. Yutuqlarimizning sababi rahbariyatimizning e’tiborida. Futbolchiga eng muhimi sifatli maydon va to‘p hamda to‘yimli oziq-ovqat kerak. Bizda bularning bari mavjud. Mashg‘ulotlarimiz uchun alohida maydon, chetdan kelgan futbolchilar uchun yotoqxona xizmatimizda. Eng muhimi, bosh jamoamiz ustozi Mirjalol Qosimov imkon qadar har o‘yinimizga keladi, kela olmagan paytda yordamchisini yuborib, doimiy ravishda ma’lumotlar bilan qiziqadi.
- Shogirdlaringizdan bosh jamoaga jalb etilganlar ham bormi?
- Ishimizning asosiy maqsadi ham shu. Ayni paytda asosiy tarkibda to‘p surayotgan Jasur Umarov va Nodir Abdurazzoqov bizdan chiqqan. Sardor Abdunabiyev (“Neftchi”), Sheroz Jalolov (“Yangiyer”), Eldor Begimov (“Olimpik”), Nizomiddin Ziyovuddinov (“Turon”) kabi shogirdlarimiz ayni paytda Superliga va Pro liga klublarida ijara asosida to‘p surishyapti. Bu yil o‘zini ko‘rsatgan Bobur Sadirov, Sunnatilla Abdug‘aniyev, Iskandar Businov Mirjalol Qosimovga ma’qul kelib, kelasi yilga kattalar safiga qo‘shilishga tayyorgarlik ko‘rishyapti.
- Qiyin kechgan o‘yinlar...
- “Nasaf” va “Turon” bilan o‘yinlarimiz qiyin kechdi. Ayniqsa, “Navbahor” bahsi esda qoladigan bo‘ldi. “Bunyodkor” va “Paxtakor” esa har doimgi jiddiy raqiblarimiz.
- Tarkibga tanlov qay yo‘sinda amalga oshiriladi?
- Tarkibimizda nafaqat 21 yoshlilar, hatto 17 yoshli iste’dodli futbolchilar ham bor. Maqsadimiz – ularni saqlab qolish. Tarkibni esa 18 yoshlilar guruhidagi o‘smirlar, viloyat birinchiligida qatnashuvchi “Olmaliq” jamoasining yoshlari va yana turli turnirlardan e’tiborimizni tortgan yoshlarni jalb etamiz. Qolaversa, respublika bo‘yicha bir qator murabbiylar ham o‘z shogirdlarini tavsiya etadi. Talabimizga javob berganlarini olib qolamiz.
- Kelgusi rejalar...
- Chempion bo‘lishdan ko‘ra uni saqlab qolish qiyin, deyishadi. Bor kuchimiz bilan shunga harakat qilamiz. Olib borayotgan mehnatimiz tasodif emasligini isbotlash asosiy maqsadimiz bo‘ladi.