Bu holat futbol uchun yangilik emas. Ammo O‘zPFL unga qarshi kurash boshlaganini o‘tgan yiliyoq e’lon qilgan hamda birinchi shunday ishni 2020 yilning 26 oktyabr kuni yopishga erishgandi.
Joriy yildan e’tiboran biz ilk professional shartnomasiga imzo chekayotgan futbolchilar ro‘yxatini rasman ochiqlab bormoqdamiz. 2021 yilning qishki transferidan keyin ilk professional shartnomasini imzolagan futbolchilar ro‘yxati bilan shu havola orqali, shu yilning yozgi transferidan keyingi ro‘yxat bilan esa mana bu havolada tanishib chiqishingiz mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 4 dekabrdagi “O‘zbekistonda futbolni rivojlantirishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5887-son Farmonida mamlakatda futbolni rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan muammolar sifatida xalqaro va milliy darajadagi futbol musobaqalarida qatnashuvchi sportchilarning biologik yoshini sun’iy kichraytirish kabi salbiy holatlarning mavjudligi qayd etilib, ushbu holatni oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilangan.
Shundan kelib chiqib, O‘zPFL yuqoridagi ikki ro‘yxatni umumlashtirdi va biologik yoshini sun’iy kichraytirgan futbolchilar masalasi o‘rganib chiqildi. Natijalar esa Coca-cola Superliganing ikki klubida umumiy uch nafar futbolchi shu yo‘lni tanlaganini ko‘rsatdi.
Bugun mazkur ikki klubga futbolchilarning hujjatlarini uning haqiqiy tug‘ilgan yili bo‘yicha rasmiylashtirilishini va bu holatni qonun doirasida hal etilishini 20 oktyabrga qadar ta’minlash uchun ogohlantirish xatlari yuborildi. Shuningdek, uch futbolchi vaqtinchalik O‘zPFL ro‘yxatidan chiqarildi. Klublar 20 oktyabrgacha vaziyatni o‘nglamasa, o‘tgan yili bo‘lgani kabi O‘zPFL ishni prokuraturaga qonuniy baho berish uchun oshiradi.