U-18, ayollar birinchiligi va U-16 qizlar chempionatida tanaffus yana davom etadi

Mamlakatimizda COVID-19 bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat jiddiy nazoratda ekanidan yaxshi xabardorsiz. Shundan kelib chiqib, O‘zPFL uchrashuvlarda ishtirok etadigan futbolchilar, hakamlar, inspektor va komissar salomatligi masalasida qayg‘urmoqda. 

Shuningdek, pandemiya holatida davlat test imtihonlari abiturientlar salomatligi yuzasidan ochiq maydonlarda, jumladan, ayrim futbol stadionlarida va uning atrofida o‘tishi rejalashtirgan. Bularning barchasi tabiiyki, futbol uchrashuvlarini tashkil etish masalalariga o‘z ta’sirini o‘tkazadi. 

Shundan kelib chiqib, O‘zPFL U-18 chempionati, ayollar Birinchi ligasi hamda qizlar o‘rtasida U-16 chempionati kabi musobaqalarni avgust oyining ikkinchi yarmiga qadar qoldirishga qaror qildi. Umid qilamizki, unga qadar mamlakatimizda vaziyat ancha yaxshilanadi hamda futbol uchrashuvlarini tashkil etish futbol klublari uchun nisbatan engilroq bo‘ladi. 

Coca-Cola Superliga, Pro liga, ayollar chempionati va mazkur liga klublari o‘rtasida o‘tkaziladigan O‘zbekiston kubogi musobaqalari davom ettiriladi. Eslatib o‘tamiz, mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan shu yil 5 iyul sanasidagi e’lon qilingan Respublika maxsus komissiyasining sport turlari bo‘yicha musobaqalarni muxlislarsiz o‘tkazish bo‘yicha qarori asosida O‘zbekiston Professional futbol ligasi tomonidan o‘tkaziladigan barcha futbol musobaqalari muxlislarsiz o‘tkaziladi.

O‘zPFL futbol jamoatchiligi mavjud vaziyatni to‘g‘ri tushunishi va to‘g‘ri talqin qilishiga umid bildiradi. Har qanday yangilik biz tomonimizdan o‘z vaqtida rasman e’lon qilinadi.

mib
uzcard
cola
apex
bmb