O‘zbekiston Professional futbol ligasi Ijroiya qo‘mitasi 2021-yil 6-iyul kuni O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga moliyaviy qiyinchiliklar tufayli Pro liga va U-18 chempionatidagi ishtirokini to‘xtatganini ma’lum qilgan “Oq-tepa futbol PFK” (keyingi o‘rinlarda — “Oq-tepa” futbol klubi)ni O‘zPFL qatnashchilari safidan chiqardi.
“Oq-tepa” futbol klubi qatnashchilar safidan chiqarilgani munosabati bilan mazkur futbol klubi va futbolchilar o‘rtasida tuzilgan mehnat shartnomalari muddatidan oldin bekor qilinganida, futbolchilarning boshqa futbol klublari bilan imzolagan mehnat shartnomalari O‘zbekiston Professional futbol ligasidan shu yilning 31-iyuliga qadar ro‘yxatdan o‘tkazilishiga ruxsat beriladi.
“Oq-tepa” futbol klubining Pro liga musobaqasidan chiqib ketishi mazkur musobaqa formatiga o‘zgartirish kiritish zaruriyatini vujudga keltiradi. Sababi bunga qadar Farg‘onaning “Istiqlol” klubi ham musobaqa bilan xayrlashgandi. Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi hamda O‘zbekiston Professional futbol ligasi “2021-yilgi mavsumda O‘zbekiston Professional futbol ligasi tomonidan o‘tkaziladigan musobaqalar reglamenti”ning 21.4-bandiga kiritiladigan o‘zgarishlar bo‘yicha qo‘shma yig‘ilish o‘tkazdi va bu borada qaror qabul qildi. Endilikda Reglamentning shu bandi quyidagi o‘zgarishlarni o‘zida aks ettiradi:
▪️ jamoalar II bosqichda 5 tadan ikki guruhga emas, balki 18-tur uchrashuvlaridan keyingi turnir jadvalidan kelib chiqib, 4 tadan ikki guruhga ajratiladi;
▪️ bunda yuqori to‘rtlik Superliga yo‘llanmasi uchun kurashni davom ettiradi. Qolgan jamoalar esa 5-8 o‘rinlar uchun kurashda ishtirok etadi;
▪️ II bosqichda yuqori va pastki to‘rtlikning har bir a’zosi 3 tadan uy va 3 tadan safar uchrashuvlarida ishtirok etadi.
Shuningdek, Reglamentning 8.9-bandidan kelib chiqib, “Oq-tepa” futbol klubining Pro liga 2021 yilgi mavsumida o‘tkazgan 11 ta uchrashuvi natijasi bekor qilinadi va turnir jadvali qayta shakllantiriladi. Reglament bo‘yicha Pro liganing bu yilgi mavsumi 28 turdan iborat bo‘lishi va bunda har bir klub 26 tadan uchrashuvda ishtirok etishi kerak edi. Qo‘shma yig‘ilish “Oq-tepa” futbol klubi Reglamentda aks etgan o‘yinlar sonining teng yarmida ishtirok etmagani uchun “Oq-tepa” ishtirokidagi o‘yinlar natijasini 0 ga tenglashtirishga qaror qildi.