O‘zbekiston Professional futbol ligasi har oy Coca-Cola Superliganing eng yaxshi murabbiyi va futbolchisi, shuningdek, eng chiroyli golini aniqlab keladi. 2021-yildan boshlab Pro liga murabbiylari va futbolchilari uchun ham shunday so‘rovnoma o‘tkaziladi. Ortda qolayotgan iyun oyida Pro ligada 4 ta tur uchrashuvlari va qoldirilgan o‘yin bo‘lib o‘tdi. Mazkur bellashuvlar davomida ko‘plab futbolchi va murabbiylar o‘zlarini ko‘rsatishga erishdi.
Iyun oyining eng yaxshi murabbiyi bo‘lish uchun nomzodlar
Timur Kapadze (“Olimpik”) – 5 o‘yin, 4 g‘alaba, 1 mag‘lubiyat
Hakim Fuzaylov (“Dinamo”) – 4 o‘yin, 3 g‘alaba, 1 mag‘lubiyat
Suhrob Qobilov (“Buxoro”) – 4 o‘yin, 2 g‘alaba, 1 durang, 1 mag‘lubiyat
Ilhom Mo‘minjonov (“Neftchi”) – 3 o‘yin, 2 g‘alaba, 1 mag‘lubiyat
Iyun oyining eng yaxshi futbolchisi bo‘lish uchun nomzodlar
Marko Obradovich (“Neftchi”) – 3 o‘yin, 3 gol
Alisher Odilov (“Olimpik”) – 5 o‘yin, 3 gol
Vladimir Nazarov (“Olimpik”) – 4 o‘yin, 4 quruq o‘yin
Dmitro Sidorenko (“Dinamo”) – 4 o‘yin, 2 gol
Davron Isoqov (“Buxoro”) – 4 o‘yin, 2 gol
Shohruh Abdurahmonov (“Dinamo”) – 3 o‘yin, 2 gol.
Eslatib o‘tamiz, ovoz berish jarayonida Pro liga klublari bosh murabbiylari va sardorlari hamda muxlislar ishtirok etadi. Pro liganing 9 klubi bosh murabbiylari hamda sardorlari ko‘rsatilgan nomzodlarni uchtalikka joylashtirib chiqadi. Dastlabki o‘rinda ko‘rsatilgan nomzod 3, mos ravishda keyingi ikki o‘rindagilar 2 va 1 ochkolik bo‘ladi. O‘zPFL tomonidan futbol muxlislari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijasi esa murabbiy va sardorlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga qo‘shiladi. Bunda muxlislar ovozi katta ahamiyatga ega bo‘lib, birinchi o‘rinni egallagan nomzod 6, mos ravishda keyingilar 4 va 2 ochkodan qo‘lga kiritadi. Yakunda eng ko‘p ball to‘plaganlar oyning eng yaxshilari sifatida e’tirof etiladi.