“Rubin” futbol klubi Birinchi liga musobaqasidan chetlashtirildi

O‘zbekiston Professional futbol ligasi Ijroiya qo‘mitasining 2021-yil 6-iyul kunidagi 03-sonli yig‘ilish bayoniga asosan “Rubin PFK” futbol klubi O‘zbekiston Professional futbol ligasi qatnashchilari safidan chiqarildi. 

“Rubin” futbol klubi O‘zPFL tomonidan belgilangan talablarni o‘z vaqtida bajarmagani, shuningdek, “2021-yilgi mavsumda O‘zbekiston Professional futbol ligasi tomonidan o‘tkaziladigan musobaqalar reglamenti”ning 7.1-bandi talablarini belgilangan tartibda amalga oshirmagani uchun O‘zPFL qatnashchilari safidan chiqarildi. 

“Rubin” futbol klubi 2019-yilgi mavsumda O‘zbekiston Professional futbol ligasi musobaqalarida ishtirok etish uchun qatnashchilar safiga shartli ravishda qabul qilingan edi. Biroq hozirga qadar futbol klubi qator majburiyatlarni bajarishda qiyinchilikka duch keldi. Jamoa o‘zining uy uchrashuvlarini o‘tkazadigan muqim stadionga ega emasligi sabab, o‘tgan ikki mavsum davomida stadionlarni uzluksiz o‘zgartirib keldi. O‘zPFL bu masalada futbol klubini istisno tariqasida qo‘llab-quvvatlab kelgan bo‘lsa-da, klub bir necha ogohlantirishlarga qaramay o‘sha stadionlarda futbol uchrashuvlarini tashkil etish masalalarida qator kamchiliklarga yo‘l qo‘ydi. 

Klubning moliyaviy imkoniyati inobatga olinib, O‘zPFL 2021-yilning 3-aprel kuni klub rahbariyati ishtirokida majburiyatnoma imzoladi. Shuning asosida 2021-yil 5-iyun kuni Birinchi liga musobaqasining 9-turi doirasidagi “Jizzax-bars” — “Rubin” futbol klublari o‘rtasidagi uchrashuv hamda 12-iyun kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan Birinchi liga musobaqasining 10-turi doirasidagi  “Rubin” — “Lokomotiv-BFK” futbol klublari o‘rtasidagi uchrashuvlarda “Rubin”ga texnik mag‘lubiyat yozildi.

“Rubin” klubi aniq moliyalashtirish manbasiga ega emasligi hamda yarim professional futbol klublari uchun qo‘yilayotgan talablar mazkur futbol klubi uchun og‘irlik qilayotgan kelib chiqib, unga hududiy assotsiatsiyalar tomonidan o‘tkazib kelinadigan quyi liga musobaqalarida ishtirok etishi tavsiya etiladi.  

“Rubin PFK” futbol klubini qatnashchilar safidan chiqarilgani munosabati bilan mazkur futbol klub va futbolchilar o‘rtasida tuzilgan mehnat shartnomalari muddatidan oldin bekor qilingan holatda ularning boshqa futbol klublari bilan imzolagan mehnat shartnomalarini O‘zbekiston Professional futbol ligasidan ro‘yxatdan o‘tkazilishiga ruxsat beriladi.

mib
uzcard
cola
apex
bmb