“So‘g‘diyona-W” – “Bunyodkor-W”. Birinchi davraning markaziy uchrashuvi prevyusi

30-may kuni ayollar futboli bo‘yicha Oliy liga 9-turi doirasida “So‘g‘diyona” – “Bunyodkor” jamoalari o‘zaro to‘qnash keladi. 

Ikki karra va amaldagi chempion “Bunyodkor” bu mavsumda ham faqat bosh sovrin uchun kurash olib borayotganini yashirmayapti. Buning uchun klubda barcha sharoitlar yaratilgan, o‘tgan yilgi tarkibda katta o‘zgarishlar yo‘q. Chempionatning 7-turi yakuniga ko‘ra 6 ta g‘alaba va bitta durang bilan turnir jadvalida ikkinchi o‘rinda bormoqda. Kuchli jamoalar deya e’tirof etilayotgan “Sevinch” va AGMK jamoalarini yirik hisoblarda mag‘lubiyatga uchratdi. To‘purarlar bahsida Lyudmila Karachik 11 ta goli bilan ikkinchi pog‘onani egallab turibdi.

Kuchlilar safida faoliyat yurita boshlaganiga endigina to‘rtinchi yil bo‘lishiga qaramay, “So‘g‘diyona” jamoasi avvalgi ikki mavsumda bronza medallarini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi. Bu mavsumda esa jamoaning yagona maqsadi – chempionlik. Buning uchun jamoa infrastrukturasi ijobiy tomonga o‘zgargan. Futbolchi qizlarga viloyat hokimining tavsiyasi bilan xorijiy kompaniyalar homiylik qilishmoqda. Afrika qit’asi hamda Gruziyadan tajribali futbolchilar taklif qilingan. Ayni paytda chempionatning etti turidan keyin yuz foizli natija bilan peshqadamlik qilmoqda. “Sevinch”, AGMK va “Metallurg” kabi etakchi klublarni “tor-mor” qilgan. Chempionat to‘purarlar karvonini ham aynan shu jamoa vakili – Diyora Xabibullaeva (12 ta gol) boshqarmoqda.

Mazkur jamoalar oliy ligada o‘zaro 6 marotaba to‘qnash kelgan. Eng qizig‘i, jizzaxliklar biron marta ham “qaldirg‘oqlar”dan ustun kela olmagan. Olti o‘yindan beshtasida “Bunyodkor” zafar quchgan, bir o‘yinda durang qayd etilgan. To‘plar nisbati ham albatta, toshkentliklar foydasiga ishlamoqda – 10-4. Eng yirik natija – 2:0.

2018-yilga nisbatan tarkiblarga e’tibor qaratilsa, “Bunyodkor”da o‘zgarishlar deyarli yuz bermagandek tasavvur hosil qiladi. Uch yil avval “Bunyodkor” sharafini himoya qilgan  Olga Qahhorova, Luiza Sadirova, Lyudmila Karachik, Umida Zoirova, Saida Galimova, Soliha Husniddinova, Marina Kosnikova kabi etakchilar hamon tarkibda. Bu borasida “So‘g‘diyona” maqtana olmaydi. Uch yilgi tarkibdan ayni paytda juda kamchilik qolgan – Nasiba Xojieva, Maxliyo Nazarqulova kabilar.

O‘zaro o‘yinlar statistikasi:

SO‘G‘DIYONA-W – BUNYoDKOR-W – 1:2 
BUNYODKOR-W - SO‘G‘DIYONA-W 1:0
BUNYODKOR-W – SO‘G‘DIYONA-W - 3:3
SO‘G‘DIYONA-W– BUNYODKOR-W - 0:2
SO‘G‘DIYONA-W – BUNYODKOR-W - 0:1
BUNYODKOR-W – SO‘G‘DIYONA-W – 1:0.

mib
uzcard
cola
apex
bmb