Shuxrat Toshpo‘latov: Superkubokni Qarshiga olib ketishga harakat qilamiz

Bugun O‘zbekiston Superkubogi oldidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Anjumanning ikkinchi qismida “Nasaf” jamoasi murabbiyi Shuxrat Toshpo‘latov bo‘lajak o‘yin haqidagi fikrlarini bildirib o‘tdi. Unga jamoa etakchilari Husniddin Aliqulov va Abduvohid Ne’matov hamrohlik qildi.

Shuxrat Toshpo‘latov: - Ertangi o‘yin oldidan jamoamiz kayfiyati a’lo darajada. Tayyorgarlik jarayoni reja asosida o‘tdi. Ertaga ikkinchi marta Superkubokni qo‘lga kiritish uchun harakat qilamiz. 2016 yil aynan “Paxtakor”ni mag‘lub etib, Superkubokda zafar quchgan edik. Ertaga ham ushbu natijani takrorlab, kubokni Qarshiga olib ketishni niyat qilganmiz.

Bilasiz, bosh murabbiy Ro‘ziqul Berdiev jarrohlik stoliga yotgan va reabilitatsiya jarayonini o‘tamoqda. Ro‘ziqul Sa’dullaevich mashg‘ulotlarda doim biz bilan birga. Maydonga chiqmasada, doim kerakli maslahatlarni berib turibdi. Bosh murabbiyning yo‘qligi yigitlarga salbiy ta’sir qilmaydi.

To‘g‘ri, tarkibda yo‘qotishlar bo‘ldi, ammo zaxirada xam o‘z navbatini kutib turgan iqtidorlar etarli. O‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari davomida aynan ushbu futbolchilar o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishdi va o‘ylaymanki, ular nazorat bahslarida o‘zlarini ko‘rsatishdi.

“Paxtakor”ning hujum chizig‘ida ham yo‘qotishlar bor. Jamoa etakchilari Masharipov, Hamdamov va Sergeev klubni tark etdi. “Sherlar” doim hujumkor o‘yin namoyish etishgan. O‘ylashimcha, yangi murabbiy ham o‘tgan yilgi taktikani o‘zgartirmaydi. Albatta, biz “Paxtakor”ni yaxshi o‘rgandik, jamoaning kuchli va zaif jihatlarini ko‘rdik.

Husniddin Aliqulov: - Jamoadagi ruhiyat a’lo darajada. O‘yinga yaxshi tayyorgarlik ko‘rdik. Bo‘lajak uchrashuvda g‘alaba qozonib, muxlislarni xursand qilishga harakat qilamiz.

Abduvohid Ne’matov: - Bo‘lajak bahsga 100 foiz tayyormiz. Ertaga har ikki jamoa uchun ham tarixiy o‘yin bo‘ladi. 5 yil oldin ham ushbu raqib ustidan g‘alaba qozongan edik va buni yana takrorlab, Superkubokni Qashqadaryoga olib ketishga harakat qilamiz.

Superkubok bitta uchrashuvdan iborat. O‘yinning asosiy va qo‘shimcha bo‘limlarida g‘olib aniqlanmasa, penaltilar seriyasiga murojaat etiladi. Shu bois, mashg‘ulotlardan so‘ng penaltilar seriyasiga ham alohida tayyorgarlik ko‘rdik.

mib
uzcard
cola
apex
bmb