Futzal va sohil futboli ommaviyligini yanada oshirishga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi

O‘zPFL binosida Futzal masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi. Unda O‘zPFL mutasaddilari, O‘FA vakillari, futzal bo‘yicha mamlakat terma jamoasi bosh murabbiyi, milliy chempionat oliy va birinchi liga jamoalarining bosh murabbiylari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda bir qator masalalar ko‘rib chiqildi. Futzal bo‘yicha Osiyo chempionati sanasining ehtimoliy cho‘zilishidan kelib chiqib, taqvimning keyingi qismini shunga moslash masalasi muhokama etildi. Shuningdek, kelasi mavsum shu yilning sentyabr oyidan e’tiboran start olishiga kelishib olindi.

O‘zPFL futzal chempionatning navbatdagi tur o‘yinlari sanasi va manzilini tez orada e’lon qiladi. Unga qadar esa klublar 4-24 yanvar oralig‘ida qishki transfer oynasidan foydalanib olish imkoniga ega bo‘ladi.

Mamlakatimizda futzalni rivojlantirish birgina formatni o‘zgartirish bilan amalga oshib qolmaydi. Buning uchun shu soha infratuzilmasini kuchaytirish, klublarning moddiy-texnik bazasini yanada yaxshilash, marketing sohasiga professional nuqtai-nazar bilan yondoshish talab etiladi. O‘zPFL bu borada sezilarli qadamlarni tashladi. Ortda qolgan mavsumda chempionatning bir qator turlari Sport-TV orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatildi. Bu bilan futzal ommabopligi oshishiga hissa qo‘shildi. Futzal musobaqalarini o‘tkazish hozircha Toshkent, Olmaliq va Jizzax bilangina cheklanib qolinyapti. O‘zPFL bu ro‘yxatga bosqichma-bosqich Xorazm, Samarqand, Qarshi, Navoiy, Farg‘ona va Namangan hududlarini qo‘shish harakatida. Sababi, futzal ommabopligining oshishi uchun uni faqatgina ma’lum nuqtadagina o‘ynash kifoya qilmaydi.

O‘zPFL, shuningdek, sohil futboli sport turini qayta tiklash masalasida ham izlanish olib boradi. Yozgi transfer oynasi vaqtida sohil futboli musobaqalarini o‘tkazish uchun yaxshi imkoniyat bor. Endilikda mana shu imkoniyatlardan foydalanish ustida ham ish olib boriladi.

mib
uzcard
cola
apex
bmb