“Navbahor” — “Surxon” o‘rinbosarlari o‘yini 22-iyulga qoldirildi

Coca Cola Superliga 10-turini o‘tkazish bilan bog‘liq qator muammolar borligi sir emas. Klublar topshirgan test natijalari aniq bo‘lmasdan turib, O‘zPFL bir qarorga kelishi qiyin bo‘lmoqda. 

Shundan kelib chiqib, ertaga — 20-iyul kuni bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan “Surxon” va “Navbahor” U-21 jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv 22-iyul kuniga qoldirildi. Hattoki klublarning asosiy tarkiblari 21 iyul kuni maydonga chiqishlariga to‘g‘ri kelsa ham, noodatiy tarzda o‘rinbosarlar bir kun keyin kurash olib boradi. 

“Surxon” va “Navbahor” asosiy tarkiblari o‘yini masalasiga ertaga — 20-iyun kuni oydinlik kiritiladi. Bunda O‘zPFL “Surxon” futbolchilari topshirgan test natijalariga diqqatini qaratadi. 

Hozirga qadar Qarshi shahrida kechishi kutilayotgan “Nasaf” — “So‘g‘diyona”, Olmaliqdagi AGMK — “Lokomotiv” va Navoiydagi “Qizilqum” — “Buxoro” uchrashuvlarini o‘tkazish bilan bog‘liq muammolar yo‘q. Qolgan barcha uchrashuvlar masalasiga ertaga oydinlik kiritiladi. Ertaga barcha klublar rahbarlari va bosh murabbiylari bilan onlayn videokonferentsiya o‘tkaziladi.

O‘zPFL futbol jamoatchiligidan bugungi vaziyatni to‘g‘ri tushunishni so‘raydi hamda noqulayliklar uchun uzr so‘raydi. Shuningdek, barcha o‘zgarishlar rasmiy saytda o‘z vaqtida yoritib borilishini ma’lum qiladi.  

10-tur

21-iyul, seshanba

19:00 SURXON — NAVBAHOR  

19:00 NASAF — SO‘G‘DIYONA  

22-iyul, chorshanba

19:00 MASH’AL — ANDIJON  

19:00 AGMK — LOKOMOTIV 

23-iyul, payshanba

19:00 QO‘QON-1912 — PAXTAKOR 

19:00 QIZILQUM — BUXORO   

19:00 BUNYODKOR — METALLURG

mib
uzcard
cola
apex
bmb