“Surxon” — “Navbahor” o‘yini Toshkentda o‘tadi. Mezbon — “Navbahor”

Coca Cola Superliga 10-turidan o‘rin olgan “Surxon” — “Navbahor” uchrashuvi 21-iyul kuni Toshkent shahrida o‘tkaziladi. 

Bu borada klublar ikki tomonlama shartnoma imzoladi. Karantin tartibi kuchaytirilgani, buning oqibatida transportlar bilan bog‘liq cheklovlar borligidan kelib chiqib, shuningdek, futbolchilarning chilla vaqtida Termizgacha bo‘lgan uzoq masofani bosib o‘tishlarini inobatga olib, O‘zPFL bu kelishuvga qarshilik qilmadi. 

Kelishuvga ko‘ra, birinchi uchrashuv mezboni “Navbahor” klubi bo‘ladi va u mezbonlikka doir barcha talablarni bajaradi. Tomonlarning ikkinchi davradagi o‘zaro o‘yinlari ham Toshkentda o‘tadi va unda “Surxon” mezbonlikning barcha majburiyatlarini o‘z zimmasiga oladi. 

10-turning mazkur o‘yini “Lokomotiv” stadionida bo‘lib o‘tadi va avvaldan belgilab qo‘yilgani kabi 19:00 da start oladi. U-21 jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvga esa “Bunyodkor” akademiyasi mezbonlik qiladi. Uchrashuv 18:00 da start oladi.

Izoh. Kecha mazkur xabar avvaliga “Navbahor”, keyin esa “Surxon” matbuot xizmati tomonidan chop etildi. Vaholanki, u vaqtga kelib, “Navbahor” futbol klubi “Lokomotiv” klubi bilan kelishuvni O‘zPFLga taqdim etib ulgurmagandi. Biz hamkasblarimizning tezkorlikka bo‘lgan intilishlarini qo‘llab-quvvatlaymiz hamda ularga ish rasman hal bo‘lganidan keyingina muxlislar uchun ma’lumot taqdim etishlarini tavsiya qilamiz.

mib
uzcard
cola
apex
bmb