8-iyul kuni respublika hududlarida pandemiya tufayli karantin choralarining kuchaytirilishi bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining qarori e’lon qilingandi. Unga ko‘ra, respublikaning barcha hududlari qizil toifaga aylanishi ko‘zda tutilgan hamda 1-avgustga qadar transport vositalarining harakati cheklangan.
Bugun — 9-iyul kuni shu masala yuzasidan O‘zPFL Birinchi liga klublari rahbarlari hamda murabbiylari bilan onlayn videokonferensiya tashkil qildi. Unda Birinchi liga klublarining karantin davrida rasmiy o‘yinlarda ishtirok etishi masalasi ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlash joiz, ushbu musobaqada ishtirok etuvchi klublarning moliyaviy imkoniyati yuqori ligalar jamoalarinikidan farq qiladi. Birinchi liga jamoalari boshqa viloyatlardagi o‘yinlarga ko‘p holatlarda o‘yin kuni borib qaytishadi va asosan yo‘nalishsiz taksi xizmatlaridan foydalanishadi. Ayni holatda esa viloyatlar orasida transport vositalarining harakati cheklandi. Ruxsat etilgan boshqa transport vositalaridan foydalanish, mehmonxonalar va boshqa harajatlar esa tabiiyki, Birinchi liga klublariga qiyinchilik tug‘diradi.
Videokonferensiyada yuqoridagi kabi omillarni hisobga olgan holda, Birinchi liga musobaqalarini karantin choralari yumshatilguniga qadar vaqtincha to‘xtatib turish maqsadga muvofiq deb topildi. Futbol klublari esa ruxsat etilgan vaqtlarda mashg‘ulotlarni davom ettiradi.